“Norma” portali maʼlumotiga ko‘ra, hukumat qarori bilan Biznes-ombudsman devonining byudjetdan tashqari jamg‘armasi tashkil etilmoqda va tegishli nizom tasdiqlanmoqda.
Jamg‘arma mablag‘lari Biznes-ombdusman devonining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, o‘quv kurslarida o‘qitish uchun sarflanadi.
Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
-Biznes-ombudsman tomonidan qo‘llanilgan jarimalar summasi hamda rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida sudlar tomonidan qo‘llanilgan jarima summasining 100 foiz miqdori;
-texnik ko‘maklashish mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining grantlari;
-jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
-vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar.
Maʼlumot uchun: Biznes-ombudsman xususiy mulk huquqini buzish, tadbirkorlik subyektlarida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazish, ularni xomiylikka majburlash kabi jami 9 ta turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishga haqli.
Jamg‘armaga rahbarlik qilish va mablag‘larni sarflash masalalari jamg‘arma Kengashi tomonidan amalga oshiriladi, Biznes-ombudsman Kengash raisi hisoblanadi.