Virusning bunday nomlanishining sababi — ilk bor AQSHning Koksaki shahrida aniqlangan va u enteroviruslar oilasiga mansub. Uning 70 dan ortiq turi boʻlib, asosan, A hamda V turlari uchraydi. Kasallik koʻpincha bolalarda uchraydi. Aniqrogʻi, unga moyil aholi qatlami 3-10 yoshdagi oʻgʻil-qizlar hisoblanadi. Kattalarning xastalanishi esa juda kam kuzatiladigan holatdir, — deydi mutaxassis.

Shuning uchun ham bolalarga xos klinik belgilarni kuzatish mumkin. Yaʼni kasallik tana haroratining keskin oshishi (39-40 darajagacha), bosh ogʻrigʻi, uyqusizlik, holsizlik bilan boshlanib, 2-4 kundan keyin isitma asta-sekin pasaya boshlaydi.

Shuningdek, oddiy shamollash belgilari, ichakdagi baʼzi bezovtaliklar, jumladan, ich ketishi, koʻngil aynishi, qayt qilish kabilar kuzatilishi mumkin.

Koksaki virusiga uchraganida bolalarning qoʻl va oyogʻining old qismi hamda ogʻzining shilliq qavatida turli toshmalar paydo boʻladi. Baʼzi hollarda yutinishning qiyinlashishi, kichik yarachalar paydo boʻlgani uchun stomatitga xos tomoqda ogʻriqlar kuzatiladi. Bu esa isitma koʻtarilishi va ishtahaning pasayishiga olib keladi.

Baʼzan asosiy belgilarga qoʻshimcha ravishda bosh ogʻrigʻi, limfa tugunlarning kattalashishi kabilar ham kuzatilishi mumkin.

Kasallik, asosan, yoz oylarida bolalar ochiq va umumiy choʻmilish suv havzalaridan foydalanganda va bemorlar bilan bevosita muloqot qilgan vaqtda yuqadi. Xastalikning yashirin davri 2-10 kungacha boʻlib, baʼzi hollarda 2-5 kun davom etadi.

Mutaxassisning qoʻshimcha qilishicha, mazkur xastalikni keltirib chiqaradigan virusni dunyoning istalgan joyida uchratish mumkin. Oʻzbekistonda ham vaqti-vaqti bilan qayd etiladi. Hozirgacha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qoshidagi hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyalarida Koksaki virusi aniqlagani yoʻq. Demak, yurtimizda mazkur kasallik keng miqyosda tarqaldi degan fikrga kelish uchun asos mavjud emas.

Muhimi, Koksaki virusi uchun maxsus davolash protokollari mavjud va xastalik hech qanday asoratlarsiz toʻliq tuzalib ketadi.

Shunday boʻlsa-da, zinhor, oʻzboshimchalik bilan bemorga bakteriya va virusga qarshi preparatlarni berish kerak emas. Sababi, Koksaki virusiga bu dori vositalari umuman taʼsir qilmaydi. Agar bolada klinik belgilar paydo boʻlib, ular ogʻirroq kechayotgan boʻlsa, u holda tibbiyot xodimlariga murojaat qilish va spetsifik davolash choralarini koʻrish maqsadga muvofiq, — deydi mutaxassis.