Uchrashuvda bolalarni sayyohlik sohalariga ommaviy jalb qilish tizimini yaratish, bolalarning turizm, o‘lkashunoslik bo‘yicha bilim darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavjud vaziyatni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, madaniy va tarixiy joylar, shuningdek, muzeylar, badiiy galereyalarda bolalarning tashrifi hamda bolalar manfaatlariga yo‘naltirilgan oilaviy turizmni ham tashkil etish past darajada.

Bunda bolalarga turizm, o‘lkashunoslik, sayohat madaniyati, jumladan maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim berishni tashkil qilishda tizimli yondashuv zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Turli yo‘nalishdagi sayohatchilar uchun esa bolalar va o‘lkashunoslik klublari, har bir hududda turistik jihozlar uchun turli yoshdagi ijaraga berish punktlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

Bolalar turizmining umummilliy harakatini shakllantirishni jadallashtirish uchun «2030-yilgacha bo‘lgan davrda bolalar va o‘smirlar turizmini rivojlantirish davlat konsepsiyasi»ni, shuningdek uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish ishlari boshlandi.

Shuningdek, mamlakatda bolalar va o‘smirlar turizmini rivojlantirish uchun muhim uslubiy va muvofiqlashtiruvchi markaz sifatida «Respublika bolalar turizm, o‘lkashunoslik va ekskursiyalar markazi»ni yaratish imkoniyatlarini o‘rganish borasida so‘z yuritildi.

Bu borada, barcha turizm sohasi vakillari, ushbu masalaga qiziquvchi olimlar va mutaxassislar, O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar turizmini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini Turizm va sport vazirligiga yuborishlari mumkin, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.