Xoʻsh, bugungi kunda tibbiyotimizning ilmiy salohiyati qayd darajada? Joriy yilda qanday ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda? Dunyo tibbiyoti eʼtibor markazidagi “COVID-19” infeksiyasi boʻyicha Oʻzbekistonda ham ilmiy izlanishlar ketmoqdami? Ayni shu savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligi fanni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Akmal Sidiqov javob berdi.
— Ayni paytda mamlakatimizning tibbiyot sohasi boʻyicha ilmiy salohiyati haqida toʻxtalsangiz.
— Ayni paytda olimlarimiz tibbiyot sohasidagi dunyoning nufuzli konferensiya, anjumanlarida maʼruzalar qilib, yirik ilmiy-maʼrifiy jurnallarda ilmiy ish va maqolalari bilan qatnashib kelishmoqda.
Hozirgi kunda sogʻliqni saqlash tizimida 8 nafar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, 831 nafar fan doktori, 1 ming 600 nafardan ortiq fan nomzodlari faoliyat yuritib kelmoqda. Ular oʻz navbatida taʼlim muassasalari, ilmiy markaz va institutlarda ishlab, tibbiyot sohasi rivojiga katta hissa qoʻshyapti.
— Butun dunyoda koronavirus infeksiyasini davolash boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonda ham bu borada ilmiy loyihalar bormi?
— Albatta, hozirda dunyodagi barcha tibbiyot muassasalari, tabiiy fan yoʻnalishidagi olim va professorlar koronavirus infeksiyasida samara beradigan dori vositalari yoki vaksina ishlab chiqish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Oʻzingizga maʼlum, ayrim mamlakatlar tajribalarini eʼlon qilayotgan boʻlsada, hali-hanuz uzil-kesil ijobiy natijaga erishilgani yoʻq. Jumladan, Oʻzbekistonda ham “COVID-19” infeksiyasi boʻyicha 6 ta ilmiy loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Xususan, “Koronavirus infeksiyasining tarqalishi va qayta kasallanishining epidemiologiyasi, prognozi va profilaktikasi”, “Dalillarga asoslangan tibbiyot asosida “COVID-19”ni etiotrop va patogenetik davolashning yangi modelini ishlab chiqish” loyihalari shular jumlasidan. Bu loyihalar “COVID-19” infeksiyasining inson organizmiga taʼsirini kamaytirish va davolashning samaradoriligini oshirishga yoʻnaltirilgan.
— Joriy yilda yana qanday ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda?
— Soʻnggi 10 yil ichida oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra sogʻliqni saqlash tizimida ixtirolar va foydali modellar uchun 226 ta patent hamda EHM dasturi uchun 186 ta guvohnomalar olindi. Ilmiy markazlar va taʼlim muassasalari kuchlari bilan kardiojarrohlik, neyroxirurgiya, onkologiya, transplantologiya, travmatologiya va ortopediya, oftalmologiya, endokrinologiya va urologiya sohalarida yuqori texnologik jarrohlik aralashuvlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, mushaklar-skelet tizimining sinishini va kasalliklarni davolash, jarrohlik kasalliklar, oʻsmalarni olib tashlaganidan keyin toʻqimalarni almashtirish, tish implantatsiyasi, fotosensibilizatsiyalangan tashxis quyish, davolash va boshqalar uchun asboblar va ular uchun sarflanadigan materiallar yaratilgan boʻlib, ular uchun 100 ga yaqin ixtirolarga talabnomalar topshirilib, patentlar olingan.
2018-yildan beri 1 ming 200 nafardan ortiq ilmiy xodim bilan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida jami 32,4 mlrd soʻm miqdoridagi ilmiy grant ishlari bajarilib kelinmoqda. Shuningdek, joriy yilda tibbiyot fanlari boʻyicha 164 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan boʻlib, shulardan 34 ta doktorlik (DSc) va 130 ta fan nomzodligi (PhD) ishlari himoya qilindi. Ular asosida bir nechta ixtirolarga patent va EHM dasturlari uchun guvohnomalar olindi.
Xulosa qilib aytganda, ayni paytda Oʻzbekistonda tibbiyot ilm-fan sohasini rivojlantirish uchun ilmiy ishlarni koʻrib chiqish va antiplagiat tizimda tekshirish va unga xulosa berish borasida yangicha mexanizmdan foydalanilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi