Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oʻzbekistonda din psixologiyasining ilmiy-nazariy va amaliy masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Mazkur anjuman respublikamizda din psixologiyasi, uning shakllanishi, rivojlanishi va ushbu sohadagi dolzarb muammoli masalalarni oʻrganish boʻyicha toʻplangan tajribani umumlashtirish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiyada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, Musulmonlarga psixologik xizmat koʻrsatish assotsiatsiya Boshqirdiston boʻlimi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya oʻquv-ilmiy markazi, yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridagi sohada faoliyat olib boradigan professor-oʻqituvchilar, olimlar, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanda “Diniy ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar bilan ishlashning ijtimoiy-psixologik asoslari”, “Destruktiv diniy tasavvurlarning shaxsga psixologik taʼsiri”, “Ijtimoiy gerontologiyaning psixologik jihatlari”, “Ob eticheskix trudnostyax v deyatelnosti psixologov-musulman”, “Yoshlarda diniy identifikatsiya shakllanishi muammolari”, “Hozirgi zamon amaliy psixologiya tendensiyalariga raddiya”, “Kognitiv yondashuvda diniy maʼlumotlarni tushunish xususiyatlarining psixologik jihatlari”, “Din – shaxsning psixologik barqarorligi omili sifatida” hamda “Kafedra nashrlarining taqdimoti” kabi mavzularda maʼruzalar qilindi.

Anjuman doirasida amalga oshirilgan muloqotlar, sohaga oid turli masala boʻyicha fikr, bilim va tajriba almashinuvlar, tahlillar, ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar konferensiyaning barcha ishtirokchilari – xorijiy taʼlim muassasalari, nufuzli tashkilot vakillari, davlat ilmiy muassasa va tashkilotlar xodimlari, yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun gʻoyat foydali boʻldi.

Onlayn hamda oflayn formatda tashkil etilgan anjuman 6 ta yoʻnalishga boʻlingan holda olib borildi. Konferensiya yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilmiy anjumanlar soha rivoji uchun foydali boʻlishi qayd etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati