Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasida nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan deputatlar bergan takliflar asosida undagi normalar takomillashtirildi va loyiha matni maromiga yetkazildi.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining hayoti va sogʻligʻini yanada himoya qilish, millat genofondini saqlash, atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi uchinchi oʻqishda qabul qilindi.