Yurtimizda 2017-yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturi va O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligi, Global ekologik fond (GeF) grant ko'magida “O'zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko'maklashish” qo'shma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi O'zbekiston qishloq aholisini atrof-muhitga zarar keltirmaydigan, yaxshilangan va qulay yashash sharoitlari bilan ta'minlashdan iborat. Buning uchun 136,6 million dollar mablag' ajratilgan.
Loyiha ishga tushirilgandan buyon katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Prezidentning 2018-yil 24-noyabrdagi PQ-4028-son Qarori asosida energiya tejamkor (ET) va kam uglerodli (KU) qishloq uy-joylariga talabni oshirish maqsadida subsidiyali yashil ipoteka kreditlash sxemasi ishlab chiqildi. O'zbekistonning beshta viloyatida bir va ko'p qavatli ET va KU arzon qishloq uylari qurildi. Shuningdek, Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig'inida nolga yaqin energiya sarflaydigan namunaviy ko'rgazmali uy qurilishi ham boshlab yuborildi.
Loyihaning ikkinchi komponenti doirasida 2021-yil 9-dekabr kuni “O'zbekistonda energiya tejamkor materiallar va texnologiyalar: mamlakatda yashil qurilishni rivojlantirish uchun mavjud bozorni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida bir kunlik biznes-forum bo'lib o'tdi. Forumda asosiy mahalliy hamkor tashkilotlar qatorida xalqaro moliya institutlari — Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot bank va Kreditanstalt für Wiederaufbau banklari vakillari ham ishtirok etishdi.
Biznes-forum loyiha natijalari va uning istiqboldagi rejalarini taqdim etishdan tashqari, yangi yondashuv va yechimlarni baholash, energiya samaradorligi bo'yicha materiallar va texnologiyalar ma'lumotlar bazasini yangilash, qurilish materiallari sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishish, turli ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari va energiya tejovchi materiallar va texnologiyalarni etkazib beruvchilar o'rtasida bilim va tajriba almashish imkonini berdi.
— Insoniyat foydalanayotgan tabiiy energiya resurslari asta-sekin tugamoqda, birlamchi yoqilg'i-energetika resurslarini qazib olish va qayta ishlash xarajatlari oshib, ulardan oqilona foydalanmaslik atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, — deydi loyiha rahbari Timur Ibragimov. — Qurilishda innovatsion yondashuvlar orqali resurslardan samarali foydalanish bu muammoning yechimi sifatida hozirda O'zbekistonda ustuvor yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Ushbu loyiha binolar konstruksyalarining issiqlik ko'rsatkichlarini yaxshilash, shuningdek, energiya tejamkor va kam uglerodli texnik echimlarni joriy etish orqali turar-joy sektorida energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan. Bunday chora-tadbirlar tabiiy va moliyaviy resurslarni tejash, atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Taqdimotlar va davra suhbatlari bozorni rivojlantirish va texnologiyalar va materiallarni ET va KU yetkazib berish zanjirini takomillashtirish, energiya tejamkor dizayn, O'zbekistonda uy-joy qurilishida energiya tejamkor va kam uglerodli texnologiyalar va materiallarni joriy etish bo'yicha me'yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash masalalarini qamrab oldi.
Biznes-forum doirasida mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning energiya tejamkor materiallari va texnologiyalarining ixtisoslashtirilgan ko'rgazmasi ham tashkil etildi.