Oʻzbekistonda eng yirik hunarmandlar markazi, masjid va savdo markazi Namanganda

    Turizm 6 Avgust 2020 6679

    Namangan viloyatida Oʻzbekistondagi eng yirik, 3 qavatli hunarmandlar markazi, bir vaqtning oʻzida 15 ming kishini sigʻdira oluvchi masjid, eng yirik savdo markazi, mehmonxona, villalar, eng zamonaviy attraksionlar va favvoralarni oʻz ichiga olgan “Afsonalar vodiysi” tematik istirohat bogʻini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Loyiha Turkiyaning “DOME+Partners” loyihaviy kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan shahrida zamonaviy madaniyat va istirohat bogʻini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-sentyabrdagi 730-son qaroriga muvofiq, Namangan shahrida sobiq “Mashrab” bogʻi oʻrnida “Afsonalar vodiysi” tematik istirohat bogʻini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

    155 gektar maydondagi qurilish ishlari uchun “Namangan istiqlol bogʻi” MCHJ masʼul etib belgilangan. Taʼkidlash joizki, 2018-yilning 2-3-may kunlari hamda joriy yilning 28-fevral–1-mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida ushbu madaniyat va istirohat bogʻi loyihasi bilan tanishib, tegishli koʻrsatmalar berib, istirohat bogʻiga “Afsonalar vodiysi” deya nom bergan.

    Bugungi kunda “Afsonalar vodiysi” bogʻida keng koʻlamli qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Namangan viloyatiga tashrif buyurib, viloyat hokimi Xayrullo Bozarov hamrohligida mazkur majmuada boʻldi va bu yerdagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Aziz Abduhakimov “Afsonalar vodiysi”da ishga tushgan inshootlar hamda qurilishi davom etayotgan majmualar boʻyicha aholi va sayyohlar qulayligiga yoʻnaltirilgan tavsiyalar berdi.

    “Afsonalar vodiysi” majmuasi loyihasi doirasida 1300 ta avtomobilga moʻljallangan avtoturargoh, 112 ta doʻkonni oʻz ichiga olgan ikki qavatli savdo-sayilgoh koʻchasi, 16 turdagi zamonaviy attraksionlar va virtual oʻyinlar xonasidan iborat tematik park va attraksionlar, 800 nafar mijozga xizmat koʻrsatuvchi restoranlar ishga tushirilgan. Bundan tashqari, majmuada yopiq va ochiq akvapark boʻlib, bu yerda 10 ta xizmat koʻrsatish va 5 ta texnik bino, 16 basseyn xamda 7 turdagi suv attraksionalri xizmatga shay. 2 400 oʻringa ega amfiteatr va yozgi amfiteatrda esa Namangan viloyatining turli koʻngilochar tadbirlari oʻtkaziladi.

    Zamonaviy sharshara, musiqali favvora, kanal, koʻl obyektlari esa majmuaga koʻrkamlik baxsh etib, ularning atrofiga manzarali daraxtlar ekilgan hamda hordiq chiqarish uchun oʻrindiqlar oʻrnatilgan. Qolgan obyektlarda qurilish ishlari bugungi kunda 70 foizga bajarilgan. 3 qavatli savdo markazi, 23 ming m2-maydonni egallagan Milliy Hunarmandlar mahorat markazi, 3500 oʻringa moʻljallangan (tashqaridagi maydoni bilan birga 15 000 oʻringa moʻljallangan) zamonaviy masjid shular jumlasidandir.

    Shuningdek, “Afsonalar vodiysi” hududida 250 xona hamda 400 oʻringa moʻljallangan mehmonxona va 149 ta villa ham mehmonlarga xizmat koʻrsatadi. Bugungi kunda obyektdagi qurilish ishlarini jadallashtirish maqsadida 60 dan ziyod ogʻir texnika va mexanizmlar hamda 1000 nafardan ziyod ishchi xodimlar qurilish ishlarida ishtirok etmoqda. Taʼkidlash lozimki, loyiha toʻliq ishga tushirilganidan soʻng bir vaqtning oʻzida 15 ming kishiga xizmat koʻrsatishi kutilmoqda.