Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi boshlangan (FAO) “O'zbekistonning qurg'oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o'rmonlarni barqaror boshqarish” yangi loyihasining Muvofiqlashtiruvchi qo'mitasi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Global ekologik jamg'arma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyiha O'zbekistonda yer va o'rmon resurslarini barqaror boshqarish va landshaftlarni tiklash bo'yicha ilg'or tajribalarni joriy etadi. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi va Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi loyihaning milliy hamkorlari hisoblanadilar.

Loyiha respublikada cho'llanish va qurg'oqchilikka qarshi kurashish uchun 2024—2028-yillarga mo'ljallangan Yo'l xaritasini ishlab chiqishni qo'llab-quvvatlaydi. FAOning ushbu loyihasi hosildorlikni oshirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash uchun yer va o'rmon resurslarini boshqarishning innovatsion usullarini joriy etadi, bu esa yer degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlashga imkon beradi.

Cho'llanishga qarshi kurash choralarini talab qiladigan O'zbekiston hududi 20 million gektardan oshadi. Butun mamlakat bo'ylab yerlarning degradatsiyasi kuzatilmoqda, ammo Buxoro va Navoiy viloyatlarining tumanlari hamda Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzalarining pasttekisliklari bu jarayonlardan eng ko'p zarar ko'rgan hududlar hisoblanadi.

— Loyiha 5 yil ichida amalga oshiriladi, — dedi loyiha bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov. — Buxoro viloyatining Jondor va Navoiy viloyatining Nurota tumanlari landshaftlari loyiha hududi sifatida tanlab olingan bo'lib, bu hududlarda yerdan foydalanishning kompleks rejalarini joriy etish, fermerlarning salohiyati, bilim va ko'nikmalarini oshirish, yerdan foydalanishni monitoring qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, yaylovlardan foydalanish sharoitlarini yaxshilashda gender muvozanatini saqlashga alohida e'tibor qaratiladi. Bundan tashqari, biz yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish uchun sohada resurslarni safarbar qilishga ko'maklashamiz.