UNICEFning talqiniga koʻra, erta nikoh — bu 18 yoshga toʻlmagan shaxs bilan rasman tuzilgan nikoh yoki norasmiy ittifoq sanaladi. Tashkilotning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, yer yuzida yashovchi 650 millionga yaqin ayol 18 yoshga toʻlmasdan erta turmushga chiqqan.

Afsuski, koʻplab mamlakatlarda voyaga yetmagan qizni turmushga berish uni ochlikdan yoki zoʻravonlikdan asrashning yakkayu yagona yoʻli degan qadimiy tafakkur hali hanuz dolzarbdir.

Erta nikoh ayniqsa Afrika mamlakatlarida, jumladan, Niger, Chad, Efiopiya, Tanzaniya kabi davlatlarda keng tarqalgan.

Osiyo davlatlarida ham bu urf-odat koʻp kuzatiladi. Masalan, Bangladeshda 13 yoshda turmushga chiqish bu yerning aholisi uchun gʻayrioddiy holat sanalmaydi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu davlatda 38 million qiz 18 yoshga toʻlmasidan, undan 13 millionga yaqini esa - 15 yoshga toʻlmasidan turmush quradi.

Hindistonda qonuniy nikoh yoshi qizlar uchun 18 yosh boʻlib, qonunni buzish uchun 2-yilgacha qamoq jazosi belgilangan boʻlsada, Hindistonda har yili oʻrtacha 2 ming nafardan ortiq erkak bu jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilinadi.

Indoneziyada qizlar 16 yoshdan, oʻgʻil bollar esa 19 yoshdan oila qurishlari mumkin. Mazkur davlatda yiliga taxminan voyaga yetmaganlarning 64 mingdan ortiq nikohi qayd etiladi.

Turkiyada esa 2023-yilda 16-17 yoshdagi 10 471 nafar qiz erta turmush qurgan. Turkiya qonunlariga koʻra, nikohlanishning yosh chegarasi 2022-yilda 18 etib belgilangan. Biroq, ota-ona roziligi bilan 17 yoshga pasaytirilishi mumkin.

Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan. Bunday qatʼiy chegara oʻzining samarasini berdi va koʻplab erta nikoh holatlariga qonunan chek qoʻydi.

Umumiy holatni taqqoslash uchun taʼkidlash joizki, 2018-yilda Respublika boʻylab 5123 ta erta nikoh holati qayd etilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib, erta nikohlar soni faqat 42 tani tashkil etgan.

Umuman olganda, davlatlarning erta nikoh kabi bola manfaatlariga mutlaqo zid boʻlgan salbiy voqeilikga barham berish uchun qilayotgan sayʼi-harakatlari oʻzining global samarasini bermoqda.

Xususan, UNICEFning 2023-yilgi hisobotida oxirgi 25-yilda 68 million voyaga yetmaganlarning nikohi oldi olinganligi qayd etilgan.