Oʻzbekistonda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksporti koʻpaytiriladi

    Oʻzbek tadbirkorlari va fermerlari Ar-Riyod shahrida 21-24-oktyabr kunlari oʻtkaziladigan “Saudi Agriculture 2024” koʻrgazmasida ishtirok etishi kutilmoqda.

    Oʻzbekiston elchisi Nodirjon Turgʻunov Saudiya Arabistoni atrof-muhit, suv va qishloq xoʻjaligi vaziri Abdulrahmon bin Abdulmoʻhsin Al-Fadli bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo" AA.

    Uchrashuv avvalida Saudiya tomoniga Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi tarmogʻidagi investitsion salohiyati, yaratilgan imkoniyatlar, davlat tomonidan investorlarga berilgan imtiyozlar haqida toʻliq maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ushbu mamlakatning yetakchi qishloq xoʻjaligi kompaniyalarini mamlakatimizdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.

    Tomonlar Saudiya kompaniyalarning qishloq xoʻjaligi sohasidagi zamonaviy texnologiyalarini Oʻzbekistonga olib kirish, mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Shuningdek, milliy mahsulotlar eksport nomenklaturasini kengaytirish, oʻzbek tadbirkorlari va fermerlari tomonidan yetishtiriladigan hoʻl va quritilgan mevalar, asal va boshqa turdagi mahsulotlarni Saudiya bozoriga olib kirish maqsadida Ar-Riyod shahrida 21-24-oktyabr kunlari oʻtkaziladigan “Saudi Agriculture 2024” koʻrgazmasida ularning ishtirokini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur koʻrgazmada oʻzbek kompaniyalari oʻz mahsulotlari va innovatsion yechimlarini namoyish qilish orqali Saudiya Arabistoni bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirishlari mumkin boʻladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur jabhada ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va savdo hajmini oshirishga qaratilgan aniq qadamlarni belgilash boʻyicha kelishuvga erishdilar.