FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy idorasi mintaqaviy monitoring mutaxassisi Luka Molinas may oyida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning O'zbekistondagi faoliyatini kompleks baholash va monitoring qilish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurgan edi.

FAOning O'zbekistondagi eng yirik loyihalari — “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi Global ekologik Jamg'armaning moliyaviy ko'magida amalga oshirilmoqda. Missiya davomida ushbu loyihalar Global ekologik Jamg'armaning korporativ yo'riqnomalari, siyosati va talablariga muvofiq qanchalik samarali amalga oshirilayotgani o'rganildi.

Toshkentda Luka Molinas O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi va O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi huzuridagi Global ekologik Jamg'armaning Milliy muvofiqlashtirish markazida uchrashuvlar o'tkazdi, shuningdek, FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan batafsil tanishdi. Shundan so'ng, Mintaqaviy monitoring mutaxassisi ikki loyihaning bir nechta maqsadli hududlari joylashgan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kitob, Qamashi va G'uzor tumanlariga yo'l oldi.

Qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida erdan foydalanishni yaxshilash, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish bo'yicha amaliyotlar ko'lamini kengaytirish CACILM-2 mintaqaviy loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida mutaxassislar qurg'oqchilik va sho'rlanish jarayonlarini boshqarish bo'yicha tavsiyalarlar ishlab chiqmoqdalar, shu jumladan, joylarda qurg'oqchilikka qarshi kurashish va sho'rlanishni kamaytirish bo'yicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni namoyish etilmoqda. G'uzor tumanidagi “G'uzor” qorako'lchilik xo'jaligi MCHJ hududida atrofi o'ralgan yaylov o'simliklari urug'lik maydoni bunga misoldir. Bu erda 30 gektar maydonga yaylov o'smliklari urug'lari belbog' usulida ekilib, keyinchalik xo'jalik ehtiyojlari va sotish uchun urug'lik yetishtirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha hududlariga tashrif buyurgan hududiy monitoring mutaxassisi ishlarning borishi bilan atroflicha tanishdi, mahalliy hokimiyat vakillari, iqtisodiyot sohasi mutaxassislari va mahalliy aholi bilan suhbatlashdi. Aytish joizki, CACILM-2 loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani qishloq aholisini qo'llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, loyiha tomonidan qishloq xo'jaligi texnikalari, issiqxonalar, qurg'oqchilik va sho'rga chidamli ekinlar urug'lari fermerlar hamda mahalliy aholi daromadlarini oshirish maqsadida beg'araz yetkazib berildi.

So'ngra “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasining maqsadli hududlaridan biri bo'lgan Dehqonobod va Kitob davlat o'rmon xo'jaligi korxonalariga tashrif buyurildi. Loyihaning asosiy maqsadi barqaror o'rmon boshqaruvini rivojlantirishdan iborat bo'lib, bu mahalliy aholiga o'rmon resurslaridan oqilona foydalanish, o'rmonlarning nafaqat mahsuldorligi, balki ularning ekologik funksiyalarini, estetik va rekreatsion qiymatini, biologik xususiyatlari va landshaft xilma-xilligini saqlab qolish imkonini beradigan yondashuvni nazarda tutadi. Bu yo'nalishda innovatsiyalar, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, gender tengligiga alohida e'tibor qaratgan holda mahalliy aholini barqaror o'rmon xo'jaligini yuritish jarayoniga keng jalb etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Monitoring bo'yicha mutaxassis viloyatdagi o'rmon xo'jaliklaridagi ishlarning borishi bilan tanishdi, shuningdek, Kitob o'rmon xo'jaligidagi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Mintaqaviy o'quv va axborot-targ'ibot markazining yangi binosini ham borib ko'rdi. Ushbu markazda xorijiy o'rmon xo'jaligi mutaxassislari tomonidan O'zbekistonning janubiy viloyatlaridagi fermerlar, tadbirkorlar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun darslar o'tkaziladi.

— Global ekologik Jamg'armaning ikkala loyihasini amalga oshirishda erishilgan yutuqlari menda katta taassurot qoldirdi, — deydi Mintaqaviy monitoring mutaxassisi Luka Molinas. — Tumanlar ma'muriyatlari, davlat qo'mitalari va mahalliy hamjamiyatlar natijalardan qoniqish hosil qilganini ko'rdim.

Missiya yakunida Mintaqaviy monitoring mutaxassisi loyihalar samaradorligini yanada oshirish va mahalliy hamjamiyatlarga ijobiy ta'sirini kengaytirish bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi.