Bu haqda Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Afgʻonistonda Oʻzbekiston yordamida tekstil korxonalarini tiklash boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Memorandum doirasida dastlabki inventarizatsiya va loyihalash ishlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning 18–23-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi xodimi Z.Normatov hamda sohaning malakali mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning Afgʻonistonga xizmat safari uyushtirildi.

Safar davomida Parvon viloyati Gulbahor tumanidagi “Gulbahor tekstil fabrikasi”, Kobul shahridagi tikuv sexi, Qandahor viloyatidagi “Qandahor tekstil fabrikasi”, Balx viloyati Mozori-Sharif shahridagi “Balx tekstil fabrikasi” va Bagʻlon viloyati Puli-Xumri shahridagi “Puli-Xumri tekstil fabrikasi” obyektlari oʻrganildi.

Binolarning joriy holati, texnologik uskunalar, infratuzilma imkoniyatlari baholandi va avvalgi loyihalash uchun zarur texnik-iqtisodiy maʼlumotlar yigʻildi.

Hozirgi paytda ekspertlar tomonidan ushbu maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonlar Afgʻonistondagi tekstil korxonalarini qayta tiklash va ishga tushirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.