Qishloq xo'jaligida Milliy bilim va innovatsiyalar markazi AKISda FAOning O'zbekiston va Vetnamda Koreya Respublikasining moliyaviy ko'magida amalga oshirilayotgan umumiy byudjeti 3,4 mln dollarlik “Kelajak avlod uchun aqlli fermerlik” 4 yillik loyihasining rasman ishga tushishini anglatuvchi boshlang'ich seminar bo'lib o'tdi. Tadbirda FAO ekspertlari, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jalik vazirligi xamda O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jalik vazirligi xuzuridari Bog'dorchilik va issiqxona xo'jaligini rivojlantirish agentligi vakillari qatnashdi. Farg'ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan soha vakillari ham onlayn tarzda ishtirok etdi.
Tadbirda ilg'or texnologiyalarning qishloq xo'jaligi, ayniqsa, issiqxonalarda mahsuldorlikni oshirish, iqlim nazoratini takomillashtirilish, tuproq va suv zahiralarini boshqarish, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashga yordam bergan holda keng miqyosda qo'llanilayotganligi ta'kidlab o'tildi. Smart (aqlli) texnologiyalarning qo'llanilishi yuqori ozuqaviy qiymatli turli xil qishloq xo'jalik mahsulotlarini yil davomida etishtirish imkonini beradi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi issiqxonalar sohasidagi milliy salohiyatni oshirish, yig'im-terimdan keyingi ishlov berish jarayonini takomillashtirish va ozuqa mahsulotlari xavfsizligini boshqarishga ham yordam beradi.
— Loyihaning amalga oshirilishi daromadlarni ko'paytirish, bandlikni ta'minlash va ovqat ratsionini yaxshilash hisobiga qishloq aholisining yashash darajasini oshirishga qaratilgan. Bunda, iste'molchilar yil davomida xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish imkoniga ega bo'ladilar. Bularning barchasi Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga va ayniqsa, kambag'allikni tugatish, barcha uchun sog'lik va farovonlikni ta'minlashga erishish imkonini beradi, — dedi FAO ning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari SHerzod Umarov.
Loyiha O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jalik vazirligi, mintaqaviy tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida O'zbekistonda agrobiznes salohiyatlarni oshirish, imkoniyatlarini rivojlantirish va texnik ko'mak olish maqsadida uchta namoyish uchastkasi barpo etiladi.
Seminarda Bog'dorchilik va issiqxona xo'jaligini rivojlantirish agentligi vakillari O'zbekistondagi issiqxonalar sohasidagi tamoyillar va mavjud holatning sharhini taqdim etdi. Taqdimotdan so'ng seminar qatnashchilari smart (aqlli) texnologiyalarni joriy qilish va ularning ustunliklarini muhokama qildilar.