Qonun loyihasiga muvofiq, mazkur medal fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini saqlab qolish yoʻlida oʻz hayotini xavf ostiga qoʻygan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga berilishi mumkin. Shuningdek, xorijiy davlatlarda yuz bergan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etgan idora va tashkilotlar vakillari, koʻngilli qutqaruvchilar ham ushbu medal bilan taqdirlanishi nazarda tutilmoqda.

Loyihada alohida hollarda tezkor harakatlari orqali inson hayotini saqlab qolgan, falokatlar oldini olishda jasorat namunasini koʻrsatgan Oʻzbekiston va chet el fuqarolarini ham mukofotlash mumkinligi belgilangan.

Qonun loyihasi bilan “Fidoyi qutqaruvchi” medaliga oid nizom va uning tavsifi tasdiqlanishi, shuningdek, “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi qonunga tegishli oʻzgartish kiritilishi koʻzda tutilgan. Xususan, mazkur medal davlat mukofotlari roʻyxatiga kiritilishi taklif qilinmoqda.

Nizomga muvofiq, medal bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti toʻlanadi hamda qonunchilikda belgilangan imtiyozlar taqdim etiladi. Medal bilan vafotidan keyin mukofotlash holatida esa, medal va tegishli hujjatlar marhumning oila aʼzolariga topshiriladi.