Oʻzbekistonda gastronomik festival boʻlib oʻtdi

    Poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” bogʻida “Yil restorani-2022” gastronomik festivali va tanlovi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir mamlakatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish va restoranlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

    Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Oʻzbekiston Gastronomik turizm assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan festivalda 10 ta restoran, restoran biznesi va turizm vakillari, turli diplomatik elchixonalar vakillari, jurnalist va blogerlar hamda shahar aholisi ishtirok etdi.
    Tanlovda finalchilar oʻz restoranlarining menyusi va kontsepsiyasi asosida degustatsiya dasturxonlarini bezatdilar, shundan soʻng hakamlar hayʼati taomlarni baholadi.

    Festivalda “Yevropa taomlarining yilning eng yaxshi restorani”, “Eng yaxshi milliy taom restorani”, “Eng yaxshi namunali ofitsiant” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar esdalik sovgʻalari, diplom va haykalchalar bilan taqdirlandi.

    Milliy oshxona nominatsiyasida mukofotlangan restoranlar:
    1-oʻrin: “Majnuntol” – Qashqadaryo viloyati;
    2-oʻrin: “Qirq chinor” – Navoiy viloyati, “Zamin” – Namangan viloyati;
    3-oʻrin: “Anjir” – Toshkent shahri.

    Xorijiy oshxonalar nominatsiyasida quyidagilar gʻoliblikka munosib deb topildi:
    1-oʻrin: “Andara” – Buxoro viloyati;
    2-oʻrin: “Las-Vegas” – Qoraqalpogʻiston, “Zarafshon” – Navoiy viloyati;
    3-oʻrin: “Qanotchi” – Toshkent shahri.