Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Oʻzbekistonda haj mavsumi 2024-yil 23-maydan boshlanishini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, respublikamizdan Saudiya Arabistoni Podshohligiga shu yil 7-iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Mamlakatimizning 10 ta hududiy aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Fargʻona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina aviareyslari orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.
Barcha parvozlar “Uzbekistan Airways” AJ aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini turli yoʻnalishlarda jadal davom ettirmoqda.
Jumladan, ziyoratchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashgʻulotlar oʻtkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj arkonlari haqida suhbat qilmoqda. Har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” nomli qoʻllanma, sumka, nimcha kabilar taqdim etilmoqda.
Ushbu mavsumga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlarni bajarmoqda.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalarida haj amallari haqidagi turkum suhbatlar, tavsiyalar, maqolalar, sharʼiy savol-javoblar eʼlon qilinmoqda" deyiladi xabarda.