Oʻzbekistonda ichki aviaqatnovlarning kengaytirilishi turizm uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yangi yoʻnalishlar asosiy tarixiy va sayyohlik markazlari orasidagi safar vaqtini qisqartirish, shuningdek, hududlarning oʻzaro bogʻliqligini yaxshilash imkonini beradi. Xususan, “Centrum Air” aviakompaniyasi 24-iyundan boshlab Samarqand — Urganch yoʻnalishi boʻyicha haftasiga uch marta parvozlarni yoʻlga qoʻyadi. 25-iyundan boshlab esa Buxoro — Urganch, Samarqand — Buxoro va Buxoro — Toshkent yoʻnalishlarida haftasiga ikki marotaba parvozlar amalga oshiriladi.
Toshkent — Urganch yoʻnalishi boʻyicha esa allaqachon har kuni (seshanbadan tashqari) parvozlar bajarilyapti, deb xabar beradi turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Ichki aviaqatnovlarning kengayishi sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratib, muhim tarixiy va madaniy markazlarga borishni osonlashtiradi. Transport infratuzilmasining takomillashuvi ichki turizmni rivojlantirish, mintaqalar iqtisodiyotini ragʻbatlantirish va ularning umummilliy sayyohlik oqimiga qoʻshilishiga koʻmaklashadi.








