Festival doirasida lavanda guli va iforidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, papayya, banan, godji, kivi, zaytunzorlardan iborat salomatlik bogʻi boʻylab ekosayohat, tibbiyot turizmi va mutaxassislar namoyishi, konsert va shou dasturlari boʻlib oʻtmoqda, deya xabar bermoqda OʻzA.

Mamlakatimizda endilikda eko, agro va tibbiyot turizmiga keng yoʻl ochilib ham ichki, ham xorijlik sayyohlar uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Uchkoʻprik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasida ham bu borada yangi loyihalarga qoʻl urilmoqda. Dorivor oʻsimliklar yetishtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada yuzdan ziyod shifobaxsh giyohlar tayyorlanmoqda.

2018-yili Oʻzbekiston turizm obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Ayni kunlarda 25 gektar maydonda lavanda, godji, papayya, mushmula, qahva, kivi, banan kabi sitrus mevalardan tortib, rezavor oʻsimliklar, turli dorivor giyohlar yetishtirilmoqda. Lavanda – koni foyda oʻsimlik. Tibbiyot va parfyumeriyada keng qoʻllaniladi, suvi, guli va moyidan foydalanish, eksportga yoʻnaltirish mumkin. Bu yerdagi lavanda plantatsiyalari sizni hayratga solishi aniq.

Ishtirokchilar lavanda bogʻlarining betakror goʻzalligidan bahramand boʻlish, maxsus retsept asosida tayyorlangan lavandali taomlar, muzqaymoq va salqin ichimliklardan tatib koʻrish, lavandazordagi unutilmas fotosessiyalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Festivalga mamlakatimizning turli hududlaridan mehmonlar, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Malayziya kabi davlatlardan turistlar, inflyuyenserlar, fotosessiya ixlosmandlari va modellar, sanʼatkorlar, jurnalistlar va blogerlar tashrif buyurmoqda.