“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda XXRning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Chjan Tanji qiymati 1 mlrd 640 mln AQSh dollariga teng, quvvati 820 MVt bo‘lgan 3 ta loyiha: “Yuqori Pskem” GTES (quvvati 200 MVt), “Qarateren” GTES (500 MVt) hamda “Yuqori Pskem” GES (120 MVt) gidroinshootlarini qurish bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzoladilar.

Memorandum doirasida dastlab o‘zbek-xitoy kompaniyalari tomonidan qo‘shma ishchi guruhi tarkibini shakllantirish borasida kelishib olindi. Qo‘shma ishchi guruhi tomonidan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi. Bu jarayonga xalqaro toifadagi ekspert-mutaxassislarni ham jalb etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihalar 2030-yilga qadar to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.

GTESlarning ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 3 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 835 mln 655 ming kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli is gazi miqdori kamayishiga erishiladi.  Bu haqida Energetika vazirligi xabar bermoqda.