Uning ishlash tartibi quyidagicha:
Jahon savdo tashkiloti akademiya oʻqituvchilarini xalqaro standartlar asosida tayyorlaydi, Biznes akademiyasi halqa ishtirokchilarini oʻqitadi, “AliBaba” kompaniyasi tinglovchilarga tajriba uchun oʻz platformasini ochib beradi, hamda Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi akademiya talabalarini ish bilan taʼminlab, butun eksport halqasi ishlashini nazorat qiladi. Bu esa yurtimizda, eksport muhiti toʻliq va toʻgʻri ishlashiga zamin yaratadi.
Shu maqsadda Fargʻona shahrida ilk tadbirkorlik va biznes Akademiyasi tashkil etildi.
Unda oʻquvchilar xalqaro savdo huquqi, logistika, marketing, raqamli tijorat yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitiladi.
Hozircha u yerda 40 nafar talaba oʻqishi mumkin. Talabgorlar yosh, biznes muhitidan xabardor va chet tillarini bilishi tavsiya etiladi. Ular ilk kundanoq Xitoyning gigant kompaniyasi «Alibaba»da ish boshlaydi.
Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasining mazkur onlayn tijorat kompaniyasi bilan kelishuviga asosan «Alibaba» biznes akademiya oʻquvchilariga oʻz platformasini ochib beradi.
Talabalar har bir amalga oshirgan elektron tijoriy ishi uchun 1% dan 5 % gacha haq ham oladilar. Biznes maktabi binosi zamonaviy dizaynga ega. Xonalar planshet, elektron doska va kitoblar hamda onlayn savdoga moʻljallangan kompyuterlar bilan jihozlangan.
Darslar haftada 6 kun ikki smenada 4 soatdan davom etadi. Akademiyada Jahon savdo tashkilotining maxsus kurslarida tayyorlanib, sertifikatlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar dars berishadi. Oʻqish davomiyligi uch oy. Bitiruvchilar jahon elektron platformasida tan olingan xalqaro sertifikatga ega boʻlishadi. Bitiruvchilarga hozirdanoq talabgorlar bor. Katta eksportchi korxonalar, buyurtma asosida akademiya bitiruvchilarini ishga olishga shay turishibdi.