Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Yuksalish” umummilliy harakati va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda xalqaro huquqni qoʻllash sifatini oshirish” (EQUAL) loyihasi doirasida tashkil etilyapti. EQUAL loyihasining asosiy maqsadi — fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali Oʻzbekistonda kamsitilishga moyil boʻlgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga koʻmaklashish.

Besh kunlik Inson huquqlari maktabida milliy va xalqaro trenerlar ishtirokchilarga iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati uchun eng yaxshi amaliy vositalar bilan ilgʻor va dolzarb maʼlumotlarni taqdim etdi. Maʼruzalar, munozaralar, amaliy mashgʻulotlar davomida xalqaro huquq va standartlardan milliy darajada faol foydalanish vositalari qoʻllanildi.

Maktabda nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari va xodimlari, fuqarolik jamiyati faollari orasidan Oʻzbekiston viloyatlaridan 20 nafar ishtirokchi tanlov asosida saralab olindi. Maktab fuqarolik jamiyati ishtirokchilari va ularning hukumatdagi hamkorlari salohiyatini oshirish va inson huquqlari mexanizmlarini ilgari surish uchun tramplin vazifasini oʻtadi.

“Oʻzbekistonda inson huquqlari tamoyillarini taʼlimga kiritish va ragʻbatlantirish oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va javobgarlik madaniyatini shakllantirishning asosiy strategiyasiga aylandi. Umid qilamizki, ushbu yozgi maktab uning ishtirokchilari salohiyatini oshirishga yordam berdi hamda adolatli va teng huquqli jamiyatning uzluksiz rivojlanishiga hissa qoʻshdi”, — dedi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov.

“Inson huquqlari boʻyicha birinchi yozgi maktab ochilishi Oʻzbekistonda mutaxassis-amaliyotchilar uchun oʻzgarishlarni ilgari surish va adolatni targʻib qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Transformatsion dastur mamlakatda inson huquqlarini ilgari surish tarafdori boʻlgan turli mutaxassislar, faollar va himoyachilar guruhini birlashtiradi. Oʻylaymizki, ushbu yozgi maktab nazariya va amaliyot oʻrtasidagi tafovutni bartaraf etishga, ishtirokchilarni oʻz jamoalarida va undan tashqarida ijobiy oʻzgarishlar qilish uchun zarur gʻoyalar bilan taʼminlashga xizmat qildi”, — dedi Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturlari direktori v.v.b. Temur Shokirov.

“Oʻzbekistonda birinchi marta boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha yozgi maktabi uzoq muddatli hamkorlarimiz bilan inson huquqlari tamoyillarini chuqurroq tushunish va ularni amalda tatbiq etish borasidagi hamkorlikdagi ishimiz. Bir guruh sudyalar, advokatlar, huquq himoyachilari, prokurorlar, fuqarolik jamiyati faollarini birlashtirgan ushbu tashabbus Oʻzbekiston sharoitida inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan umumiy majburiyatimizni aks ettiradi. Bunda ishtirokchilar inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarga ega boʻldi”, — dedi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Matilda Bogner.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.