«2023 yil iyul oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 1218 birlikni tashkil etib, iyun oyiga nisbatan 21,8 foizga oshdi, - deb yozadi agentlik.  O‘zbekistonda Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 1,3 foizga o‘sgan».

Nashrda komponentlar darajasidagi o‘zgarishlar haqida aniq maʼlumotlar ham  mushtariylar eʼtiboriga  havola  qilingan.

Qayd etilishicha, 2023 yilning iyul oyida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisob varaqalaridagi operatsiyalar soni 5,3 foizga oshgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha komponent deyarli o‘zgarmagan. Tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 48,0 foizga va tovar belgilari bo‘yicha komponent 25,0 foizga oshgan.

«Hududlar kesimida Qashqadaryo viloyatida eng yuqori o‘sish surʼati qayd etilgan, - deyiladi maqolada. – Xususan, 12 ta hududda o‘tgan oyga (iyun) nisbatan o‘sish kuzatildi Qashqadaryo (39,2 foiz), Sirdaryo (36,6 foiz), Xorazm (26,7 foiz) va Surxondaryo (26,1 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, ushbu indeksda 2 ta hududda, jumladan, Jizzax viloyati (- 2,7 foiz) va Toshkent shahrida (- 0,6 foiz) biroz pasayish kuzatildi».

Materialda 2023 yil iyul oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 5 321,2 ming tani tashkil etgani va 2023 yilning iyun oyiga nisbatan 268,5 ming tranzaksiyaga oshgani xabar qilingan.

«2023 yil iyun oyida respublikaning 12 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshdi, xususan, sezilarli darajadagi o‘sish Andijon, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida moʻtadil darajada pasayish bo‘lgan»,- qayd etadi  agentlik.

Maqolada taʼkidlanishicha, 2023 yil iyul oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 1,2500 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2023 yilning iyun oyiga nisbatan 25,0 foizga oshgan. «Joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda yuridik shaxslar tomonidan 50 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan»,- deb yozadi  «Sada al-Balad».