Brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-iyundagi PQ-5140-son qarori haqida maʼlumot berildi.

Qarorga muvofiq:

kasb-hunarga oʻqitish markazlari faoliyatini tashkil etish uchun bugungi kunda samarali foydalanilmayotgan 29 ta kasb-hunar kollejlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga berildi.

Shuningdek, 18 ta professional taʼlim muassasalarida qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish kurslari tashkil etiladi.

Natijada, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida yillik 65 ming nafar kasb egallash istagidagi aholini qamrab olish quvvatga ega boʻlgan 16 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, 60 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari (jami 76 ta muassasa) faoliyat yuritadi.

Undan tashqari, mahalla fuqarolar yigʻinlarida 2021-yilda yillik quvvati 69,1 ming nafar boʻlgan hamda murakkab malaka talab etilmaydigan hayotiy zarur kasblarga oʻqitish boʻyicha 864 ta mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari tashkil etish evaziga, ularning umumiy soni 1000 ta va quvvati 79,5 ming nafar boʻlgan mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorga asosan amaliyot poligonlarini tashkil etish, oʻquv jarayonlarni ish oʻrnining oʻzida amalga oshirish orqali amaliy mehnat koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlariga quyidagi imtiyoz va afzalliklar belgilandi.

a) Kasb-hunarga oʻqitish markazlaridagi boʻsh turgan bino-inshootlar:

nodavlat taʼlim tashkilotlariga ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish kurslarini tashkil etish uchun 5 yilgacha boʻlgan muddatga tekin foydalanishga beriladi;

kasb-hunarga oʻqitish markazlarida taʼlim berayotgan oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga hamda tadbirkorlik subyektlariga mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish uchun mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish uchun 5 yilgacha boʻlgan muddatga eng kam stavkalarda ijaraga beriladi;

b) Kasb-hunarga oʻqitish markazlaridagi foydalanilmayotgan yer maydonlari tadbirkorlik subyektlariga yengil konstruksiyali oʻquv xona va ishlab chiqarish sexini tashkil etish uchun 10 yilgacha boʻlgan muddatga eng kam stavkalarda ijaraga beriladi;

v) kasb-hunarga oʻqitish markazlarining taʼlim jarayonidan boʻsh boʻlgan sport maydonchalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlariga beriladi.

“Ishga marhamat” monomarkazlarida taʼlim muassasalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlariga malakali xorijiy oʻqituvchilarni jalb etish faoliyatini amalga oshiruvchi “Oʻquv-maslahat ofislari” tashkil etiladi.

xorijiy mutaxassislarni “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlariga ishga taklif qilish bilan bogʻliq xarajatlar taʼlim muassasalarida ish boshlagunga qadar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;

Endilikda, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-11-sinf oʻquvchilarini asosiy taʼlim jarayonlaridan boʻsh boʻlgan vaqtlarida kasb-hunarga oʻqitish ishlarini tashkil qilinadi.

Bunda maktablar ularga yaqin hududda joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, maskanlar va qisqa muddatli kurslar ochilgan taʼlim muassasalariga biriktiradi;

“TUMO” xalqaro kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etiladi.

Bunda “TUMO” xalqaro kreativ texnologiyalar markazining franshizasi, dasturiy taʼminoti, oʻquv dasturlari va litsenziyasi asosida yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 30-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videooʻyinlar yaratish yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishni yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari 2022-yil 1-yanvarga qadar har bir tuman (shahar)dagi sektorlarda baliqchilik, kuyonchilik, parrandachilik, meva-sabzavodchilik, uzumchilik, tikuvchilik va xunarmandchilik sohalarida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi va ushbu kooperativlarga aʼzo boʻlgan har bir ish bilan band boʻlmagan fuqaro uchun kooperativ ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.

Ushbu maqsadlar uchun Davlat byudjetidan Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga qoʻshimcha 200 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.