Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar 133-Kanton yarmarkasida namoyish etiladi

    Mamlakatimiz Bosh konsulligi xodimlari 133-Kanton yarmarkasiga tayyorgarlik koʻrish doirasida tashkil etilgan seminarda qatnashdilar.

    Tadbir Guanchjoudagi xorijiy dilomatiya missiyalari, sanoat va tijorat tashkilotlari, Kanton yarmarkasi va Xitoy tashqi savdo markazi mutasaddilari ishtirokida oʻtdi.

    Tashkilotchilarning aytishicha, 133-Kanton yarmarkasi pandemiyadan keyingi global iqtisodiy tiklanish uchun oʻsishning “harakatlartiruvchi kuchi” boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, Xitoyning tashqi savdo uchun muhim platformasi boʻlgan ushbu yirik koʻrgazma xorijiy davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik va almashuvni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.

    Seminar davomida Oʻzbekiston diplomatlari Xitoy tashqi savdo markazi direktori Chu Shijia va koʻrgazma tashkilotchilari bilan oʻzbek korxonalarining ushbu yarmarkada ishtirok etishi va ularga qulayliklar yaratilishi yuzasidan muzokaralar oʻtkazdilar.

    Uchrashuv natijasida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Xitoy tashqi savdo markazi oʻrtasida onlayn muloqot tashkil etishga kelishib olindi.

    Maʼlumot uchun: 133-Kanton yarmarkasi 2023-yil 15-aprelda boshlanadi. U uch bosqichda oʻtkaziladi. Joriy yilda ushbu yarmarka onlayn va oflayn shaklda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.