Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarori qabul qilingan bo’lib, mazkur  qarorda O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan mas’ul idoralar va muassasalar uchun 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilangan va ishlash mexanizmlari joriy etilishi, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish vazifasi yuklatilgan.

Hozirgi kunda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, bartaraf etish, jinoiy javobgarligining masalalari, voyaga yetmaganlarga nisbatan qoʻllaniladigan boshqa majburlov choralari  tayinlash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.

“Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash va ularning oldini olish ishlariga nafaqat ichki ishlar organlari va mahalla balki O‘zbekistonning barcha fuqarosi birdek ma’sul. Jinoyatni aniqlash, uning negizini topish, huquqbuzarliklarning oldini olish, uni jilovlash mutasaddilarning eng asosiy vazifasidir” - deb, ta’kidlaydi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev.

2023-yil davomida “ChatGPT” va “Midjourney.AI” yordamida 5000 dan ortiq materiallar tayyoorlangan hamda ijtimoiy tarmoq va boshqa platformalar orqali tarqatilgan. Bu materiallar aksari urush va buzg‘unchilik g‘oyalarini oqlashga qaratilgan.

2024-yilda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari oʻrganilganda: – 27,7 foizi yengil daromad topishga qiziqishdan; – 15,4 foizi moddiy yetishmovchilikdan; – 13,4 foizi ishsizlikdan; – 10,3 foizi jamiyatda oʻzining boshqalardan ustunligini koʻrsatishidan; – 9,2 foizi tarbiyaviy yoki axloqan buzuqligidan; – 24,6 foizi boshqa sabablarga koʻra sodir etilgan.

2025-yilning birinchi choragida poytaxtdagi talaba yoshlar tomonidan 460 ta jinoyat sodir etildi. Bu haqda kecha, 29-aprel kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash, o‘quvchilar tarbiyasi, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, prokuratura tomonidan tayyorlangan ma’lumotga asosan, yoshlar va talabalar orasida jinoyatchilik avvalgi yilga nisbatan keskin ortgan.

2025-yilning birinchi choragida poytaxtdagi yoshlar tomonidan 460 ta jinoyat sodir etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foizga yuqoridir (2024- yilning birinchi choragida bu raqam 329 tani tashkil etgan). Talabalar orasida esa ushbu ko‘rsatgich 7,8 foizga ko‘paygan.

Toshkent shahar prokuraturasi o‘tkazgan yig‘ilishda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan eng ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlarning turlari haqida ham ma’lumot berilgan: Yo‘l transport hodisasi – 72 ta; O‘g‘irlik – 57 ta; Giyohvandlik – 46 ta; Tan jarohati – 41 ta; Bezorilik – 24 ta; Bosqinchilik – 11 ta; Qotillik – 5 ta; Talonchilik – 5 ta; Nomusga tegish – 2 ta; Boshqa – 48 ta.

Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmonidan kelib chiqib, “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” da ham yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikni oldini olish va yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, respublika yoshlari o‘rtasida milliy sport turlarini ommalashtirish masalasiga eʼtibor qaratilgan edi. Shuningdek, mazkur Farmonning “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish” deb nomlangan 70-maqsadida quyidagi vazifalar qo’yilgan: yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash; yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, ular uchun malakali tibbiy xizmatdan foydalanish shart-sharoitlarini yaxshilash, yoshlar o‘rtasida tibbiy savodxonlikni oshirish va sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash; yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish; yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning mukammal ta’lim olishini ta’minlash, hududlarda inklyuziv ta’lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish; yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish; yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash; yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish; yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish; iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish; yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish; yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish; yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyat olib boruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

    A.Allanova,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi professori v.b., yu.f.f.d (PhD)