Oʻzbekistonda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar Yevropa OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 1 Avgust 2022 2172

    Yevropaning “EU Reporter” axborot platformasida “Konstitutsiya islohoti: Oʻzbekistonni modernizatsiya qilish yoʻlidagi yangi sahifa” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Unda maqola muallifi — “Diplomatic World Institute” (Belgiya) tahlil markazining loyiha boshqaruvi boʻyicha menejeri Alberto Turkstra hozirgi paytda Oʻzbekiston siyosiy hayotida roʻy berayotgan muhim voqea – Konstitutsiya islohotlari bilan bogʻliq asosiy maʼlumotlarni oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilgan.

    Maqolada qayd etilganidek, 2022-yil Konstitutsiya islohoti uchun ramziy yil hisoblanadi, chunki dekabr oyida Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatidagi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil toʻladi.

    “Konstitutsiyaviy islohotlar zarurati amaldagi Asosiy Qonunning zamonaviy talablar, standartlar va demokratik tamoyillarga javob bermasligidan kelib chiqmaydi, u zamonaviy talablarga javob beradi, biroq hozir biz shu qadar tez oʻzgaruvchan davrda yashayotganimiz bois ayrim qonun-qoidalar juda tez eskirib qolyapti. Shu sababdan ham, Konstitutsiya dogma emasligini nazarda tutgan holda, u harakatlar uchun dastur boʻlmogʻi lozim. Biz Yangi Oʻzbekiston va uning rivojlanishiga mos keladigan yangi qoidalarni joriy qilishimiz kerak”, deya Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovning soʻzlaridan iqtibos keltiradi “EU Reporter”, deb xabar beradi “Dunyo” AA.