Marosimda Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Xitoyning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, Chongqing Zhifei Biological kompaniyasining raisi va bosh direktori Szyan Renshen, Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti ilmiy xodimlari qatnashdilar.
Innovatsion rivojlanish hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan Xitoyning Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining ishlanmasi asosida Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini oʻtkazish ishlari boshlandi.
Xitoydagi Oʻzbekiston elchixonasi yordamida Oʻzbekistonga Zhifei kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50% haqiqiy vaksina, 50 % platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar xamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar (shpris, niqob, koʻzoynak, krioprobirkalar, homiladorlik testlari) olib kelindi.
Klinik sinovlarni oʻtkazish uchun jami 5 ming nafar koʻngillilar tanlab olindi. Jarayonning etik jihatlarini eʼtiborga olgan holda koʻngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishildi.

Oʻz navbatida, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassislari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligidagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan birgalikda sinov oʻtkaziladigan poliklinikalari vrach va hamshiralari uchun vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha treninglar oʻtkazdilar.
Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining Oʻzbekistonda III faza sinovlaridan oʻtayotgan vaksinasi.
Mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovdan oʻtishi boshlanadigan vaksina koronavirus yuza antigenining genetik-muhandislik oqsili boʻlib, u adenovirus hamda inaktivlashgan vaksina turlari bilan taqqoslanganda yuqori darajada xavfsiz hisoblanadi. Yaʼni rekombinant oqsil koʻrinishidagi vaksina virusning bir boʻlagini yuqori texnologiyalar asosida sunʼiy koʻpaytirib olishga asoslangan. Genetik-muhandislik oqsili zararlangan organizmda aynan unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi.
Ushbu vaksina I va II faza klinik sinovlarda nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga egaligini namoyon etdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 ta koʻngilli oila aʼzolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi.