Oʻzbekistonda koʻz toʻr pardasini koʻchirib oʻtkazish jarrohlik amaliyoti joriy etilishi mumkin

    Salomatlik 31 May 2023 3757

    Agar bu amaliyot mamlakatimizda ham qoʻllana boshlansa, toʻr parda bilan bogʻliq kasalliklar tufayli koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlgan bemorlar dunyoni yana oʻz koʻzlari bilan qayta koʻra oladi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida xalqaro miqyosda simpozium boʻlib oʻtdi.

    Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Oʻzbekistonning professor olimlari oʻzlarining ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

    Simpoziumda britaniyalik professor Gordon Plant nevrologiya va neyrooftalmologiya yoʻnalishlarida qanday fundamental tekshiruvlar mavjudligi va sohadagi soʻnggi yangiliklar toʻgʻrisidagi maʼruzasi bilan qatnashdi.

    Yana bir britaniyalik professor Lindon Da Kruz regenerativ tibbiyot xususida maʼruza oʻqidi. Koʻz toʻr pardasi koʻchirib oʻtkazish amaliyotini oʻz ichiga olgan nutqida olim 20 yillik tajribasi bilan boʻlishdi. Koʻzning toʻr pardasini muvaffaqiyatli koʻchirib oʻtkazish boʻyicha bu vaqt mobaynida qanday tekshiruv va tadqiqotlar oʻtkazilgani haqida maʼlumot berdi.

    — Ilgari bu borada gap ketganda “umuman iloji yoʻq”, der edik. Koʻp yillik ilmiy izlanishlar natijasida buning imkoni borligi isbotlandi, — deydi markaz direktori Azamat Yusupov. — Endilikda ushbu laboratoriyalarning qanday tashkil etilgani, ularni Oʻzbekistonda ham joriy etish boʻyicha oʻrganish olib borishni reja qildik. Agar bu amaliyot mamlakatimizda ham qoʻllana boshlansa, toʻr parda bilan bogʻliq kasalliklar tufayli koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlgan bemorlar dunyoni yana oʻz koʻzlari bilan qayta koʻra oladi.

    Shuningdek, simpoziumda oftalmologiya sohasida teletibbiyot, sunʼiy intellekt va robot-oftalmologiyaning koʻz kasalliklarini davolashdagi yutuqlari haqida ham muhim maʼruzalar tinglandi.