Unda kelgusi hafta respublikada havo haroratining anomal pasayishi davrida yoqilgʻi-energetika sohasidagi ishlarni tizimli tashkil qilish, isteʼmolchilarni elektr bilan doimiy taʼminlash masalalari muhokama qilindi va qator vazifalar belgilab berildi.

Buning uchun:

1. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;

2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;

3. Energotizimdagi yirik isteʼmolchilarning kunlik elektr energiyasi isteʼmoli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi isteʼmoliga yoʻnaltiriladi;

4. Barcha isteʼmolchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun mahalliy hokimliklar bilan kelishib, tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;

5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida kuniga oʻrtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna koʻmir yoqilgʻisi zaxirasi yaratildi;

6. Isteʼmolchilarga kunlik koʻmir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

Yigʻilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga boʻlgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi taʼkidlandi.

Bunda, dispecherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi taʼkidlandi.

Ikki soatdan oshmagan vaqt oraligʻida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida eʼlon qilib borilishi taʼminlanadi.

Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlaydilar.

Isteʼmolchilar elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104 yoki 104 telefon raqamlariga hamda koʻmir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.

“Shu oʻrinda isteʼmolchilardan elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishlarini, ushbu qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda tarmoqdan ajratib qoʻyishlarini, energiya resurslaridan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini soʻraymiz”,-deyiladi vazirlik axborotida.