Oʻzbekistonda “Lazgi” xalqaro raqs festivali boʻlib oʻtadi

    Madaniyat 24 Aprel 2022 3707

    25-30-aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali boʻlib oʻtadi. Yorqin tadbir UNESCO, Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa idoralar hamkorligida tashkil etiladi. Tadbirda 30 dan ortiq davlatdan mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti.

    Festival doirasida raqs sanʼatiga bagʻishlangan koʻrgazma pavilyonlari, milliy cholgʻu asboblari va liboslari, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda, ularni Ichan-qalʼa majmuasi hududida savdo qilish tashkil etildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, “Lazgi” Xorazm raqsi Oʻzbekiston madaniy merosining elementi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. Bu haqdagi qaror 2019-yil 12-dekabrda UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasining 14-sessiyasida qabul qilingan.