Uchrashuv mamlakatimizda karyerlar faoliyatini tashkil qilish hamda yuqori sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarishda qoʻshma korxona tashkil etishga bagʻishlangan.
Tadbirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Aʼzam Qodirxoʻjayev, Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Muxsinxoʻja Abdurahmonov, shuningdek, Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasining Surxondaryo viloyati vakili Alisher Shermatov ishtirok etdi.
Muzokaralar chogʻida salohiyatli investorlarga Oʻzbekistonda qazib olish sanoatiga sarmoya kiritish uchun yaratilgan qulay sharoit, meʼyoriy-huquqiy baza, Fargʻona hamda Surxondaryo viloyatlaridagi yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalarni olish tartibi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Muzokaralar davomida nafaqat xomashyo qazib olish, balki mamlakat ichida eksportbop qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish muhimligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Oʻz navbatida, Kazimej Rupinskiy yuqori sifatli qurilish mollarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasida koʻp yillik tajribaga ega ekanini qayd etib, Oʻzbekiston bilan karyerlarni rivojlantirish sohasida sarmoyaviy hamkorlik istiqbollariga qiziqish bildirdi.
Tomonlar Oʻzbekistonda Litva-Polsha investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, konseptual asoslarni ishlab chiqish va joriy etish hamda qazib olish sohasida soliq maʼmuriyatchiligi haqidagi yangiliklarni tezkor almashishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.