Oʻzbekistonda loviya ekilgan maydonlar kengaytiriladi

    Agrosektor 15 Avgust 2022 1962

    Dukkakli don ekini hisoblangan loviya toʻyimli, lazzatli oziq-ovqat mahsulotidir. Uning urugʻi va pishmagan dukkaklari pishirib yeyiladi va konserva sanoatida ishlatiladi. Loviya boshqa loviya turlariga qaraganda kaloriyalilik darajasi va urugʻ tarkibidagi oqsil miqdori yuqoriroq boʻlishi bilan ajralib turadi.

    2022-yil hosili uchun respublika hududlarida 330,5 ming gektardan ortiq maydonlarga dukkakli don ekinlari ekilgan boʻlib, shundan 35,8 ming gektari (11%) loviya ekini ulushiga toʻgʻri keladi (oʻtgan yilga nisbatan 5,9 ming gektar koʻp). Loviya asosiy ekin sifatida 5,1 ming gektar va takroriy ekin sifatida 24,5 ming gektar maydonlarga hamda 6,1 ming gektar bogʻ qator oralariga joylashtirilgan. Bugungi kunda Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Fargʻona, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan parvarishlanyapti, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Loviya ekinining oʻsuv davri qisqa, ertapisharligi sababli respublikamiz sharoitida bir yilda ikki marta don hosili yetishtirish imkoniyati mavjud. Jumladan, erta bahorda asosiy ekin sifatida va kuzgi boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekish tavsiya etiladi.