Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Maʼlumot uchun, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti – “Green University”ga tashrifi davomida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. Prezident bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda koʻpaytirish muhimligini taʼkidlagan edi.
Unga koʻra, yurtimizning 11 ta hududida XXR va BAA kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,28 mlrd AQSH dollariga teng boʻlgan loyihalar asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan zavodlar quriladi. Natijada yiliga 4,7 mln tonnadan ortiq chiqindini yoqish orqali 2,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, poligonlar soni besh barobarga qisqaradi. 97 mln AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 mln tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Loyihalar 2025–2027-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maqsad qilingan. Qurilish jarayonlari 2025-yil yanvardan boshlanib, zavodlar 2026-yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Xususan:
— XXRning “China CAMC Engineering” kompaniyasi loyihasiga koʻra, Toshkent va Andijon viloyatlarida bittadan qiymati 350 mln AQSH dollari boʻlgan, 12 gektardan yer maydonida 2 ta zavod quriladi. Bu orqali yiliga 1,38 mln tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga taʼsiri kamayadi va 630 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqiladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 36 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 300 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.
— XXRning “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi loyihasiga koʻra, Samarqand va Qashqadaryoda bittadan qiymati 310 mln AQSH dollari boʻlgan, 12 gektardan yer maydonida 2 ta zavod quriladi. Bu orqali yiliga 1,095 mln tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga taʼsiri kamayadi va 480 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqiladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 27 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 300 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.
— XXRning “China Everbright Group” kompaniyasi loyihasiga koʻra, Namangan va Fargʻonada bittadan qiymati 283 mln AQSH dollari boʻlgan, 12 gektardan yer maydonida 2 ta zavod quriladi. Bu orqali yiliga 1,095 mln tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga taʼsiri kamayadi va 455 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqiladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 26 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 300 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.
— XXRning “Chengdu Environmental Group” kompaniyasi loyihasiga koʻra, Jizzax viloyatida 12 gektar yer maydonida Jizzax va Sirdaryodagi chiqindilarni yoqish orqali qurilish materiallari hamda elektr energiya ishlab chiqarishga moʻljallangan qiymati 135 mln AQSH dollari boʻlgan zavod quriladi. Bu orqali yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga taʼsiri kamayadi va 230 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqiladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 13 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 150 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.
— BAAning “Tadweyer Group” kompaniyasi loyihasiga koʻra, Buxoro viloyatidagi 12 gektar yer maydonida Buxoro va Navoiydagi chiqindilarni yoqish orqali qurilish materiallari hamda elektr energiya ishlab chiqarishga moʻljallangan qiymati 200 mln AQSH dollari boʻlgan zavod quriladi. Bu orqali yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga taʼsiri kamayadi va 363 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqiladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 21 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 150 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi va yiliga 350 nafar malakali mutaxassis tayyorlanishiga erishiladi.
— Janubiy Koreya Respublikasining “Sejin” kompaniyasi loyihasiga koʻra, 55 million dollar evaziga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil boʻladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur loyiha boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 335-sonli Qarori imzolangan boʻlib, investitsion va elektr xaridlari uchun shartnomalar tasdiqlangan va chiqindi poligoni ajratilgan. Bu orqali chiqindilar termik usulda utilizatsiya qilinib, 53 ming tonna issiqxona gazlari, 2 tonna zararlangan sizot suvlari kamayadi, 59 gektar poligon rekultivatsiya qilinadi va 16 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqiladi. Shuningdek, 40 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.