Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan “Ishbilarmonlik faolligi” indeksi (IFI) 2020 yil may oyida quyidagilarni tashkil etdi:

•          2020 yil aprel` oyiga nisbatan – 1056 birlikni (o'sish – 5,6%);

•          2019 yilning may oyiga nisbatan – 930 birlikni (pasayish – 7,0%);

•          2015 yil yanvar` oyiga nisbatan – 1390 birlikni (o'sish – 39,0%).

Joriy yilning may oyida “Ishbilarmonlik faolligi” indeksi karantin cheklovlarining aprel` oyida sodir bo'lgan tarixiy pasayishidan mo''tadil darajada bo'lsa-da, oshganligi kuzatildi. Bu esa iqtisodiyotda ishbilarmonlik faolligi tiklana boshlaganidan dalolat beradi. SHunga qaramay, IFI ko'rsatkichlari haligacha o'tgan yilning shu oyiga va bazis davriga nisbatan retsessiya darajasida qolmoqda.

1-rasm. 2020 yilning may oyida IFI o'tgan oyga nisbatan 5,6 foizga oshgan

Komponentlar darajasida o'zgarishlar bo'lgan.

2020 yilning may oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi o'tgan oyga nisbatan 5,6 foizga mo''tadil ravishda o'sib, 1056 birlikni tashkil etishi quyidagi komponentlar darajasidagi o'zgarishlarga bog'liq bo'lgan:

  • xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bank hisob varaqalaridagi amaliyotlar soni 7,6 foizga oshgan;
  • faoliyat ko'rsatayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar bo'yicha komponent 0,5 foizga oshgan;
  • tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 3,0 foizga kamaygan;
  • tovar belgilari bo'yicha komponent 2,3 barobarga oshgan.

Hududlar kesimida Buxoroda eng yuqori ko'rsatkich qayd etilgan.

2020 yil may oyida “Ishbilarmonlik faolligi” indeksida respublikaning barcha hududlarida o'tgan oyga nisbatan o'sish kuzatilgan. Xususan, Buxoro (43,8%), Surxondaryo (40,1%), Samarqand (35,3%), Jizzax (32,0%), Andijon (29,2%), Qashqadaryo (24,2%), Navoiy (24,1%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (22,8%) sezilarli darajada o'sish kuzatilgan (2-rasm).

2-rasm. 2020 yil may oyida hududlar kesimida “Ishbilarmonlik faolligi” indeksi

Bank hisob varaqalari bo'yicha amaliyotlar

2020 yil may oyida banklararo to'lov amaliyotlari soni 4 054,8 ming tani tashkil etdi va o'tgan oyga nisbatan 287,3 ming tranzaktsiyaga (7,6%) ko'paygan. SHuningdek, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 34,7 foizga keskin kamayish kuzatilmoqda. IFIning ushbu komponenti bazis davr (2015 yil yanvar`) bilan solishtirganda 6,4 foizga kamaygan.

Samarqand va Andijon viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda banklararo to'lov amaliyotlari soni oshgan.

2020 yil may oyida yuridik shaxslar o'rtasidagi bank amaliyotlari soni o'tgan oyga nisbatan Samarqand va Andijon viloyatlaridan tashqari barcha hududlar bo'yicha oshgan. Sezilarli darajada o'sish Namangan (13,9%), Farg'ona (13,9%), Jizzax (10,4%) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (12,3%) kuzatilgan.

Tovar-xomashyo birjasidagi faollik

2020 yilning may oyida IFIning birja komponenti 0,970 birlikni tashkil etdi va o'tgan oyga nisbatan 3,0 foizga pasayishi kuzatildi. Ushbu komponentning pasayishi bitimlar sonining kamaygani bilan bog'liq.

May oyi natijalariga ko'ra, respublika tovar-xomashyo birjasida 24 082 ta bitim imzolangan bo'lib, aprel` oyiga (51 027 ta) nisbatan 26 945 ta bitimga (2,1 barobar) kamaygan. Birjada tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2020 yil may oyida 3 332,5 milliard so'mni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich o'tgan oyga nisbatan 11,4 foizga oshgan.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faolligi

Faoliyat yuritayotgan xo'jalik sub'ektlari bo'yicha komponent 2020 yil may oyida 1,0047 birlikni tashkil etib, o'tgan oyga nisbatan 0,5 foizga oshgan.

2020 yil may oyida faoliyat yuritayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar soni o'tgan oyga nisbatan 7 467 taga ko'payib, 464 300 tani (2020 yilning aprel` oyida 456 833 ta) tashkil qildi.

Yirik tadbirkorlik bilan shug'ullanuvchilar soni 87 taga kamaygan

Hisobot davrida kichik korxonalar soni 362 583 tagacha etib, o'tgan oyga nisbatan 6 882 taga ortgan. Fermer xo'jaliklari soni 97 983 tadan 98 655 tagacha (672 taga) ko'paygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan sub'ektlar soni 3 062 tani tashkil etib, 2020 yil aprel` oyiga nisbatan 87 taga kamaygan.

Brendlarni ro'yxatga olish

2020 yil may oyida savdo belgilari muhofazasi bo'yicha biznes faolligi indeksi 2,333 birlikni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich o'tgan oyga nisbatan 2,3 barobarga ziyoddir. Joriy yilning may oyida yuridik shaxslar tomonidan 42 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro'yxatga olingan.

Hududlarda IFI komponentlarining o'tgan oyga nisbatan o'zgarishi

Hududlarda IFI komponentlarining bazis davriga (yanvar` 2019 yil) nisbatan o'zgarishi