— Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼulomotlariga koʻra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan, — dedi N.Atabekov.  —Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Qolaversa, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumonlanmoqda. Qolaversa, shu kungacha oʻlim holatlari roʻyxatga olinmadi. 

Aslida, bu xastalik kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Yaʼni ilk bor u bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.  Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda boʻlgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin. 

Dunyo boʻylab kasallikning qayta avj olishi 7-may sanasidan boshlandi. Shu kuni Buyuk Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan sayyohda mazkur infeksiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon boʻlgan. Shundan soʻng ushbu mamlakatda oʻnga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani maʼlum boʻldi. 

Keyinroq AQSH, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil va Shveysariyada ham xastalik tarqala boshlagani haqida xabar topdik. 

Tahlillarga koʻra, kasallik odatda yengil kechyapti va bemorlarning koʻpchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda. 

Shunga qaramay, hozir JSST maymun infeksiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda. 

Xoʻsh, bu kasallikdan qanday himoyalanish mumkin?

Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud boʻlmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda. 

Chunki ikki virus bir-biriga oʻxshash va shu tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti. 

Oʻzbkistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yoʻq. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz.