Turkiyaning “Ostim Oraganize Sanayi Bölgesi Müdürlüğü” kompaniyasi delegatsiyasi, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi mis va noyob metallarni qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan “Ohangaron Tech Industrial” texnoparkining boshqaruv direksiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi va INNO texnoparkida boʻldi.

Uchrashuv davomida turk delegatsiyasining vakillari INNO texnopark faoliyati va texnik imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Tashrif davomida INNO texnopark rezidentlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalariga katta qiziqish bildirishdi.

Tashrif davomida Turkiyaning “Ostim” sanoat iqtisodiy hududining boshqaruv direksiyasi rahbariyati, Turkiyaning sanoat va texnologiyalar vazirligi, Firat Universitetining metallurgiya muhandisligi fakultetining mutaxassislari bilan Oʻzbekistonda mis sanoati klasterlarni barpo etish va ularning faoliyatini ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlangan holda yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Uchrashuv natijasida vazirlik va “Ohangaron Tech Industrial” texnoparkining boshqaruv direksiyasi hamda texnopark faoliyatini rivojlantirish uchun jalb etilgan “Ostim Oraganize Sanayi Bölgesi Müdürlüğü” kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi va kelgusida birgalikda olib boriladigan tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.