Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yoʻnaltirilmoqda.

Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va gʻalla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam boʻldi.

Lider tadbirkorlar koʻmagida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

«Bir soʻz bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar oʻz hayotida his etmoqda. Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlarimiz hisobiga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.
2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga koʻra, Oʻzbekistonda mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor», – dedi Prezident.