Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlum qildi.
Tahlillarga koʻra, hisobot davrida terminal orqali tushumlar ulushi 43 foizni tashkil etib, 2024-yildagi 41 foizdan oʻsgan. Jumladan, savdo va xizmatlar sohasidagi terminal tushumlari ulushi 45 foizdan 48 foizga koʻtarilgani qayd etilgan.
Naqd pul aylanmasi va uning tarkibi
2025-yilning birinchi yarmida banklar orqali amalga oshirilgan naqd pul aylanmasi 563 trln soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 23 foizga oshgan. Aylanmada 277 trln soʻm tushum sifatida qayd etilgan boʻlsa, 286 trln soʻm naqd pul chiqimlari sifatida roʻyxatdan oʻtgan.
Naqd tushumlar tarkibida jiddiy oʻzgarish kuzatilmagan. Xususan:
- tovarlar sotuvidan tushumlar ulushi – 33 foiz,
- pullik xizmatlar – 37 foiz,
- soliq va majburiy toʻlovlar – 13 foiz,
- boshqa tushumlar – 12 foiz,
- bank xizmatlari – 2 foizni tashkil etdi.
Naqd chiqimlar qanday yoʻnaltirilmoqda?
Naqd pul chiqimlarida bank kartalaridan yechilgan naqd pullar 45 foiz,
korxona va tashkilotlarning ish haqi toʻlovlari 23 foiz,
pensiya va nafaqa toʻlovlari 19 foiz ulushni tashkil qilmoqda. Shuningdek, chet el valyutasini sotib olish uchun ham belgilangan mablagʻlar mavjud.
Bank kartalari orqali toʻlovlar faollashmoqda
Joriy yilning birinchi yarmida bank kartalariga tushgan mablagʻlar 676 trln soʻmni tashkil etdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar koʻp. Ulardan 129 trln soʻm (19 foiz) naqdlashtirib olingan. Solishtirish uchun: bu koʻrsatkich 2024-yilda 23 foiz, 2023-yilda esa 24 foiz boʻlgan.
Naqd pulga talab va Markaziy bank siyosati
Mavsumiy omillar tufayli banklar tomonidan naqd pulga boʻlgan talab ortishi natijasida, Markaziy bank tomonidan 5,2 trln soʻm miqdorida qoʻshimcha naqd pul muomalaga chiqarildi.
2025-yil 1-iyul holatiga koʻra, umumiy pul massasidagi naqd pul ulushi 18,9 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 21,1 foiz va 2023-yilda 24,8 foiz boʻlgan. Shunday qilib, soʻnggi ikki yilda naqd pul ulushida 2,2 foiz bandga pasayish kuzatildi.








