Oʻzbekistonda noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosiga oid vaziyat oʻzgarmoqda

    Tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga oid statistika yaxshilanib bormoqda. Hozirda bu koʻrsatkich 14,1 foizni tashkil qilmoqda. Oʻtgan yilgi holat bilan solishtirganda raqamlar biroz kamaygan, lekin hali kutilgan natijalarga erishilgani yoʻq.

    Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 2024-yilning birinchi yarmida 940 million dona tamaki mahsuloti noqonuniy sotilgan, davlat byudjeti esa buning oqibatida 400 milliard soʻmli soliq tushumlaridan mahrum boʻlgan.

    Bu shuni anglatadiki, yoʻqotishlarga oid raqamlar hanuz yuqori, koʻrilayotgan choralar ish berayotgan boʻlsada, hali yetarli emas.

    Aksariyat holatlarda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari, xususan, sigaretalar qoʻldan sotib olinadi. Mamlakatda anchadan buyon bunday mahsulotlarni belgilanmagan nuqtalarda sotish taqiqlangan, aksiz markasi boʻlmagan sigareta savdosi bilan shugʻullanish jinoyat ekaniga qaramay, kontrabanda va yashirin iqtisodiyot bilan shugʻullanadigan “ishbilarmonlar” hamon topiladi.

    Yaqindagina turli viloyatlarda bu ish bilan shugʻullanuvchi bir necha kishi qoʻlga olindi. Tekshiruvlar natijalariga koʻra, jami qiymati 319,1 mln soʻmdan yuqori boʻlgan 14 ming quti kontrabanda tamaki mahsuloti musodara qilindi!

    Bundan tashqari, kontrabanda sigaretalar Oʻzbekistonga aylanma yoʻllar orqali olib kiriladi. Xuddi shu yoʻllar kontrafakt dorilar, qurol va taqiqlangan moddalarni yetkazish uchun ham qoʻllaniladi. Masalan, iyunda Fargʻona vodiysida yirik qoʻlga olish roʻy berdi, unda umumiy qiymati 2 mlrd soʻm boʻlgan 352 000 dona dori vositalari va tibbiy ashyolar musodara qilindi.

    Yashirin bozorga qarshi kurash toʻxtamasligi lozim. Ayrim muvaffaqiyatlarga erishilgan boʻlsada, nazoratni aslo susaytirmaslik kerak.