Xoʻsh, aslida OITSning kelib chiqish sabablari nimada? Qanday holatlarda yuqumlilik xavfi oshadi?
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi qoshidagi maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasidan tayyorlagan suhbatimiz asnosida yuqoridagi kabi savollarimizga javob topamiz.
— Shifoxonada bolalar boʻlimi ham bor ekan. Asosan necha yoshli bolalar davolanishadi?
Nafisa Rahimova, Yuqumli kasalliklar shifokori: — Bu yerda bolalar chaqaloqligidan qabul qilinadi. Hozir chaqaloqlar judayam kam. 18 yoshgacha boʻlgan bolalar davolanishyapti.
— OITS koʻproq qanday yoʻllar orqali yuqadi?
Farrux HAMROYEV, epidemiolog shifokor:— OITS 3 ta yoʻl, jinsiy, parentral va vertikal yoʻllar orqali bir odamdan ikkinchi odamga yuqadi.
18 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida tarqalishida jinsiy yoʻl bilan yuqishi istisno tariqasida olinadi. Chunki bolalar hali jinsiy hayotni boshlamaganliklari sababli asosan porintral va vertikal yoʻl orqali yuqadi.
Vertikal-homiladorlik vaqtida onada OITS boʻlsa, tugʻish jarayonida chaqalogʻiga yuqtirishi mumkin.
Parentral-turli xil tibbiy yoki notibbiy muolajalarni amalga oshirish vaqtida tozalanmagan kesuvchi yoki sanchuvchi jihozlar orqali kasallik bolalarga yuqishi mumkin.
— OITSni farzandiga yuqtirgan ota-onalarda vijdonan qiynalish koʻp sodir boʻladimi?
Nafisa Rahimova, shifokor: — Bolaga qarash sizlarni vazifanglarga kiradi, degan tushuncha bilan butun masʼuliyatni bizning zimmamizga tashlaydigan ota-onalar ham bor. Shifoxonaga tashlab ketganidan soʻng bolasidan xabar olmaydiganlari ham topiladi. Ota-ona bolasining hayotini qiyin ahvolda qoldirganini tushunmaganidan keyin bizlar qanday qilib ularga tarbiya berishimiz mumkin? Bu kasallikning asl negizi tarbiyaga bogʻliqku. Oila muhitini biz oʻzgartira olmaymiz.
Erkak, yaʼni otaning har-xil ayollar bilan jinsiy aloqada boʻlishi tufayli avval ayoliga, soʻngra farzandlariga yuqtirish holatlari koʻp. Shunday oila bor – 3 ta oʻgʻilli, uchalasi ham otaning “yengil tabiat”ligi tufayli OITS bilan kasallangan. Oila parokanda boʻlayotganini ayrim erkaklar tushunmaydi.
— OITSni koʻproq erkaklar yuqtirishiga sabab nimada?
Farrux HAMROYEV, shifokor: — Oxirgi yillarda erkaklarni xorijga ishlashga borib, u yerda notoʻgʻri turmush tarziga berilishi, yaʼni jinsiy aloqa yoʻllari orqali OITSni yuqtirib olishi koʻpaygan. Ular vatanga, oilasiga qaytganlaridan soʻng ayoliga yuqtirishadi. Oʻzida OITS borligini bilmagan ayol farzandiga yuqtirish ehtimoli aniqlanmoqda.
— Kasallikning ilk belgilari qanday seziladi?
Nafisa Rahimova, shifokor: — Kasallikni ilk belgilari tana haroratining koʻtarilishi bilan boshlanadi. Agar oʻsha holatda OITSni aniqlab olsak, unga qarshi kurashish oson boʻladi. Aniqlangan holatdan keyin ham davolanmasa, dispanser nazoratida turmasa 5 yildan soʻng oʻzining har xil oqibatlarini sezdira boshlaydi.
Immunitet tushganidan soʻng har xil kasalliklar — birdaniga ozib ketish, besabab ich ketish, tez-tez shamollash, oʻpka yalligʻlanishi, yaʼni pnevmaniya, sil kasalliklari, har xil gerpes toshmalar toshishi mumkin.
— Hozirgi kunda shu virusni yuqtirish ehtimoli koʻproq qaysi sohada koʻpaygan?
Farrux HAMROYEV, shifokor: — Kasallikning yuqishida tibbiy va notibbiy muolajalar ham ahamiyatga ega. Kesuvchi yoki sanchuvchi jihozlar ishlatilishi natijasida yuqish holatlari mavjud.
Bularga misol qilib, goʻzallik salonlarida amalga oshiriladigan tatuaj, tatuirovka, persilga oʻxshagan notibbiy amaliyotlarni ham aytish mumkin. Bunda bemor odamga ishlatilgan kesuvchi jihoz stirillanmasdan boshqa odamga foydalanilsa, kasallik yuqishi uchun sharoit yaratib beradi.
Nafisa Rahimova, shifokor: — Goʻzallik salonlarida yoki stomatologlarda gigiyenaga amal qiladigani ham, qilmaydigani ham bor. Chunki spirt bilan artgan bilan bu infeksiyani oʻldirib boʻlmaydi.
— Qaysi viloyatlarda kasallik koʻrsatkichi yuqori?
Farrux HAMROYEV, shifokor: — Kasallanish koʻrsatkichi yuqoriligi ichki migratsiya hamda aholi sonini koʻpligi hisobiga Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatiga toʻgʻri keladi.
— OITS boʻlganu ammo kasallikni boshqalarga yuqtirmaslik uchun harakat qilmaydigan, yaʼni oʻzini chegaralamaydigan insonlarga nisbatan qanday choralar qoʻllaniladi?
— Kasallik aniqlangan har bir bemorga kasallik oqibatlari, uni boshqalarga yuqtirmaslik uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilishlari haqida tavsiya beramiz.
Bunday bemorlar soqol, tirnoq oluvchi uskunalardan alohida foydalanishlari kerakligini uqtiramiz. Oila aʼzolari va boshqa shaxslar bundan foydalanishi mumkin emasligini tushuntiramiz. Lekin boshqa shaxslarga qasddan yuqtirish holatlari boʻlsa, unga nisbatan choralar koʻriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 113-moddasiga koʻra agar shaxs oʻzida OITS infeksiyasi borligini bila-turib oʻzga shaxsga kasallikni yuqtirsa yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirsa, unga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.
— Kasallikning yuqishiga yana qanday omillar sabab boʻladi?
— Vazirlar mahkamasining 365 sonli qaroriga koʻra barcha nikohlanuvchi yoshlar majburiy ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtishi belgilangan. Shu vaqtda nikohlanuvchi insonlarni bemorlar va sogʻlomlar guruhiga ajratib olish oson boʻladi. Lekin soʻnggi yillarda qonuniy nikohdan oʻtmasdan, sharʼiy nikoh orqali, ikkinchi, uchinchi oila qurish holatlari ham uchrab turibdi.
Misol uchun, beva ayol boshqa erkak bilan ikkinchi, yaʼni qoʻshxotinlik tarzida oila qurganida tibbiy koʻrik natijalari boʻlmaydi. Ularni ORVI statuslari nomaʼlum boʻladi. Natijada sogʻlom odamga bemorlardan jinsiy yoʻl bilan yuqish holatlari oshib boryapti. Bu ham OITSning tarqalishiga sabab boʻlayotgan omillardan.