Tadbirda UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis, Prezidentining taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova va boshqa xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi. Yigʻilish gibrid shaklda (onlayn va oflayn) tashkil etildi.

Ushbu loyiha doirasida UNESCO bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda oʻqituvchilarning kasbiy malakasini oshirishning oʻzbekcha TDP@Scale gibrid modelining taqdimoti boʻlib oʻtdi va modelning onlayn bosqichiga rasman start berildi.

Yigʻilishga ZOOM platformasi orqali chet ellik mutaxassislar bogʻlanib, oʻzaro tajriba almashildi.

Mazkur tadbir 8-sentyabr - Xalqaro savodxonlik kuniga bagʻishlandi.

TDP@Scale modeli Oʻzbekistonda oʻqituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan butunlay yangi yondashuvdir. Malaka oshirish kurslarining onlayn tarzda taqdim qilinishi oʻqituvchilarga qulaylik yaratadi va ularning doimiy tarzda sohadagi yangiliklardan xabardor boʻlib borishga yordam beradi.

Ushbu model yordamida oʻqituvchilar ish jarayonidan uzilmagan holda muntazam ravishda oʻz malakalarini oshirib boradi. Agentlik tizimidagi maktablar mazkur amaliyotning joriy etilishida lokomativ vazifasini bajaradi. Keyinrok, bu modelning Oʻzbekistondagi barcha maktablar uchun tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Pedagog kadrlar Agentlik tomonidan ishga tushurilgan edu.piima.uz sayti orqali TDP@Scale platformasiga ulanishlari va bu yerda har bir fan doirasidagi modul kurslari mashgʻulotlarida ishtirok etishlari mumkin. Modullardagi ishtiroki oʻqituvchining portfoliosida aks etadi. TDP@Scale platformasi orqali nafaqat pedagog kadrlar, balki rahbar xodimlar ham malaka oshirishlari mumkin. Pedagoglar muayyan moduldan oʻtganlaridan keyin ularga Agentlik tomonidan sertifikat taqdim etiladi.

TDP@Scale Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan UNESCO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu platformadan foydalanish mutlaqo tekin boʻladi.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning 16-24-avgust kunlari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablarida loyiha doirasida xorijiy va mahalliy trenerlar boshchiligida tajriba sifatida 3 kunlik oflayn treninglar boʻlib oʻtdi va oʻqituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan mazkur amaliyot endi onlayn platformada davom etadi.