O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi Davlat qo'mitasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasini muvofiqlashtiruvchi qo'mitasining navbatdagi yig'ilishini o'tkazdi.

Global ekologik Jamg'armaning ushbu loyihasi FAO tomonidan O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi Davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi barqaror o'rmon boshqaruvini rivojlantirishdan iborat bo'lib, bu mahalliy aholiga o'rmon resurslaridan oqilona foydalanish, o'rmonlarning nafaqat mahsuldorligi, balki ularning ekologik funktsiyalarini, estetik va rekreatsion qiymatini, biologik xususiyatlari va landshaft xilma-xilligini saqlab qolish imkonini beradigan yondashuvni nazarda tutadi. Bu yo'nalishda innovatsiyalar, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, gender tengligiga alohida e'tibor qaratgan holda mahalliy aholini barqaror o'rmon xo'jaligini yuritish jarayoniga keng jalb etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Ta'kidlash joizki, loyiha doirasida FAO ekspertlari ko'magida O'zbekistonda o'rmon xo'jaligini rivojlantirish, sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Shuningdek, loyiha amalga oshirilgan yillar davomida 620 ta mahalliy aholi xonadonlarining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga hissa qo'shildi.

Ayni paytda loyiha O'zbekistondagi turli o'rmon ekotizimlarini ifodalovchi 4 ta tajriba ob'ekti — Sirdaryo, Dehqonobod, Kitob va Pop davlat o'rmon xo'jaliklarida ishlamoqda. Yig'ilishda barcha 4 ta o'rmon xo'jaligi vakillari o'z hisobotlarini taqdim etdilar. Shuningdek, 2022-yilga mo'ljallangan ish rejasi va byudjeti ko'rib chiqildi.

— Joriy yilda loyihaning barcha tajriba maydonlari va 92 ta hududiy o'rmon xo'jaligi tashkilotlarini qamrab olgan holda bir qancha keng ko'lamli tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz, —  dedi loyiha texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Loyiha doirasida o'tgan yili tashkil etilgan yangi GIS-laboratoriyasi va ma'lumotlar markazi imkoniyatlari tufayli biz o'rmon xo'jaligi mutaxassislarini elektron xaritalar yaratishga o'rgatish, shuningdek, O'zbekistondagi 2000 gektar o'rmon maydonlarini inventarizatsiya qilishni rejalashtirmoqdamiz. Bundan tashqari, respublika o'rmon xo'jaligi tashkilotlari faoliyatida gender tengligini ta'minlash masalalariga bag'ishlangan 4 ta konferentsiya o'tkazish rejalashtirilgan. Va, albatta, eng muhim voqealardan biri Kitob o'rmon xo'jaligidagi Mintaqaviy o'quv va axborot-targ'ibot markazi ochilishi bo'lib, u yerda xorijiy o'rmon xo'jaligi mutaxassislari tomonidan O'zbekistonning janubiy viloyatlaridagi fermerlar, tadbirkorlar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun darslar o'tkaziladi.

Eslatib o'tamiz, 2021-yilda loyihaning oraliq baholashi o'tkazilgan. Baholash davomida erishilgan natijalar o'rganildi va loyiha faoliyati bo'yicha keyingi qadamlar belgilandi. Jumladan, gender masalalari bo'yicha ishlarni kuchaytirish, mahalliy aholini o'rmon xo'jaligi jarayonlariga keng jalb etishning samarali mexanizmlarini yaratish, daromadlarini oshirish va mahalliy aholiga o'zimizda yetishtirilgan mahsulotlarni respublika bozorlarida sotishda ko'maklashish bo'yicha tavsiyalar berildi.

Muvofiqlashtiruvchi qo'mita loyiha faoliyatiga yuqori baho berdi va tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha keng ko'lamli masalalarni inobatga olib, loyihani 2 yilga uzaytirish bir ovozdan qo'llab-quvvatlandi. 2022-yil uchun loyiha ish rejasi va byudjeti tasdiqlandi.