2020-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston aholisiga 1,74 mlrd. kVt.soat, 2018-yil dekabr oyida esa (Energetika vazirligi tashkil etilishidan avval) – 1,57 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. Yaʼni, bu borada oʻsish 11 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda 2020-yilda mamlakatimiz boʻylab elektr energiyasi isteʼmoli 69,1 mlrd. kVt. soatni tashkil qilib, bu 2019-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 6,1 foizga va 2016-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 20,1 foizga koʻpdir.

Elektr energiyasi isteʼmolining bunday ortishi qanday taʼminlangan? Avvalo, 2020-yilda mamlakatimiz elektr stansiyalarida 66,4 mlrd. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqilgan boʻlib, bu 2019-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 5 foizga koʻpdir va 2016-yilga nisbatan 12,6 foizga koʻp.

Mamlakatimizda qoʻshimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish generatsiya qilinadigan quvvatlarni kengaytirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarga asoslangan.

Xususan, 2016-yilda qabul qilingan Investitsiya dasturida koʻzda tutilgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga davlat kafolati asosidagi kreditlar hisobidan 3,7 GVtdan ortiq quvvatlar ishga tushirildi.

Bularga qator elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish hisobiga erishildi. Shu tariqa, 900 MVt yangi quvvatlar Tolimarjon IES, 560 MVt – Taxiatosh IES, 450 MVt – Navoiy IES, 370 MVt - Toshkent IEM, 150 MVt Angren IESdagi koʻmir energoblokidan olindi. Bu degani, 1 ta yangi elektr stansiyasi, 4 ta yangi gidroelektr stansiyasi va mavjud elektr stansiyalarni kengaytirish ishlari amalga oshirildi.

Investitsiya dasturida koʻzda tutilgan loyihalarni toʻliq amalga oshirish hisobidan mamlakatimizda har yili 2016-yilga nisbatan 21 mlrd. kVt.soatga koʻp elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, amaldagi elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurishda qoʻllanilayotgan energiya tejamkor texnologiyalar 1 kVt.soat uchun yoqilgʻi harajatlarini 1 foizga tushirish imkonini bermoqda. Natijada elektr energiyasini ishlab chiqarishda oʻrtacha 2 mlrd. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

2020-yilning oʻzida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sherikligi asosida oltita yangi elektr stansiyalari qurilishi boshlab yuborildi. Ularning umumiy qiymati 2 milrd. dollar, umumiy quvvati esa 2700 megavattni tashkil etadi.

2020-yilda investitsiya loyihalari bosqichlari amalga oshirilishi natijasida 2021-yilda mamlakatimizda 1387 megavattlik quvvatlar boʻlgan 9 yangi elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Ulardan shu yilning oktyabr va noyabr oylarining oʻzida turk kompaniyalari bilan hamkorlikda quvvati 940 MVt boʻlgan 4 ta yangi IES quriladi.

Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida har birining quvvati 100 MVt boʻlgan ikkita quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda (Samarqand viloyatida Total Eren (Fransiya), Navoiy viloyatida Masdar (BAA) oʻz loyihalarini amalga oshirmoqda).

Gidroenergetika sohasida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 2021-yil iyun oyida GESning Chirchiq-Boʻzsuv kaskadiga kiruvchi “Kamolot” gidroelektr stansiyasi qurilishi yakunlanadi. Shuningdek iyun oyida Surxondaryo viloyatidagi Toʻpolang daryosida Zarchob kichik GESlari kaskadini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi

Matbuot xizmati