Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyodagi 170 dan ortiq davlatda 43 million gektardan ziyod maydonda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Dunyoda ana shunday mahsulotlar oldi-sotdisi yiliga 80 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Hozir ayni pishiqchilik pallasi, bozorlarimiz meva-cheva, poliz mahsulotlariga to‘la. Bu quvonarli hol, albatta. Lekin xarid qilganda aksariyatimiz uning qanday pishgani, kimyoviy o‘g‘it bilan oziqlantirilgani yoki oziqlantirilmagani bilan qiziqamiz. Buning ham sababi bor. Ayrim dehqonlarimiz hamon kimyoviy o‘g‘itlarga suyanganicha qolmoqda. Ular ko‘proq mineral o‘g‘it bersam mahsulot tezroq o‘sib, tezroq pishadi, deb o‘ylaydi. Vaholanki, dehqonchilikni biznesga aylantirish yaxshi emas. Buning inson salomatligi va o‘simliklar geniga ta’siri katta. Demak, hamma narsaning me’yori bo‘lgani ma’qul.
Shu jihatdan o‘simliklarning genetik resurslarini strategik ahamiyatli hisoblab, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining mustahkam hamda ajralmas qismi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni, genetik resurslarni asrash va saqlash oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Qolaversa, atrof-muhit va iqlim sharoitining keskin o‘zgarishi, boshqa omillar genetik xilma-xillikka ta’sir qilishi mumkin. Bu kabi muammolarni hal etishda genetik banklar (genbank), boshqacha aytganda, genofondlarning ahamiyati beqiyos.
Mutaxassislar tartibli yo‘lga qo‘yilgan genbanklar genetik xilma-xillikni yaxshi saqlashi hamda seleksionerlar uchun muhim boshlang‘ich manba sifatida xizmat qilishini ta’kidlashadi. Genbanklar faoliyatini to‘g‘ri tartibga solish hamda genetik xilma-xillikni saqlab qolish maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO 2013 yilda bo‘lib o‘tgan o‘n to‘rtinchi sessiyasida umumlashtirilgan standartlar qabul qilingan. Mazkur standartlar qator jarayonlarni tartibga soluvchi qonun va qoidalar to‘plamidan iborat bo‘lib, o‘simliklarning genetik xilma-xilligini saqlab qolish uchun xizmat qiladi. Mazkur standartlar universal ahamiyatga ega bo‘lib, butun dunyo miqyosida, turli mintaqalarda joylashgan genbanklardagi germoplazmani saqlash uchun umumiy tartiblarni belgilovchi mezonlardan iborat. Tavsiya etilayotgan standartlar genbanklarda urug‘larni saqlash bilan cheklanib qolmay, balki vegetativ ko‘paytiriladigan ekin turlarini dala genbanklarida saqlash uchun ham amal qiladi.
Ushbu standartlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni jadallashtirish bo‘yicha xalqaro kelishuvni ta’minlashda ham muhim asos hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda dunyo genbanklarida saqlanayotgan 5,5 milliondan ortiq namuna insoniyat uchun muhim hisoblangan oziq-ovqat ekinlari hamda chorvachilikda keng qo‘llaniladigan yem-xashak o‘simlik turlaridan iborat.
Mazkur genofondlarda qimmatli ekin turlarining yaqin o‘tmishda yaratilgan navlaridan tashqari, uzoq o‘tmishdan beri saqlanayotgan hamda ekilib kelayotgan ajdodlari ham bo‘lib, ular yangilanib kelinmoqda.
Mamlakatimizda ham olimlarimizga yangi fan va ilm yo‘nalishlari hamda tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilayapti. Shu maqsadda ilg‘or fan yutuqlariga asoslangan bilim platformalari vujudga kelmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 maydagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi o‘simliklari turlarining milliy genbankini yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti negizida O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Institutda mavjud Genbank esa milliy ahamiyatga ega, deya tan olinib, unga “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari Milliy Genbanki” maqomi berildi.
— Ilm maskanimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarining yirik dunyoviy kolleksiyalari saqlanayotgan Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy tashkilot hisoblanadi, — deydi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Safar Aliqulov. — Jamoamiz oldiga mazkur yo‘nalishda bir qator vazifalar qo‘yilgan. Ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish, introduksiya etish va kolleksiyalarga jalb etilgan o‘simlik materiallarini karantin ko‘rigidan o‘tkazish orqali o‘simliklarning Milliy genofondini yangi namunalar bilan boyitish, o‘simliklar genetik resurslari jahon kolleksiyalarining eski reproduksiya urug‘lari unuvchanligini qayta tiklash va vegetativ ko‘payuvchi hamda ko‘p yillik o‘simliklarni tirik holda ushlab turish va ularni Milliy Genbankda kafolatli saqlash, qishloq xo‘jaligi talablariga javob beruvchi navlar yaratish uchun muhim xo‘jalik belgilarga ega bo‘lgan madaniy o‘simliklar va ularning yovvoyi ajdodlarini institut kolleksiyalariga jalb etish, saqlash, hujjatlashtirish hamda undan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining evolyutsiyasi, filogeniyasi, sistematikasi, immuniteti nazariy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan fundamental va amaliy izlanishlarni amalga oshirish, mintaqamiz uchun noan’anaviy ekinlar hamda dorivor o‘simliklar kolleksiyalarini tashkil qilish, o‘rganib, ularni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etish shular jumlasidan.
Qayd etish kerakki, yurtimiz olimlari bu borada ma’lum tajriba va bilimga ega. Negaki, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini boshlaganiga keyingi yili 100 yil to‘ladi. 1992 yilda institutga O‘zbekiston o‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti nomi berildi. 2020 yildan esa bu yerda bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining mohiyati institut nomiga mos kelmasligi tufayli uning nomi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti deb o‘zgartirildi.
O‘simliklar genofondi nima?
Har bir ekinning madaniy va yovvoyi holda o‘suvchi turlari, kenja turlari, shakllari, tizmalari, duragaylari hamda navlari mavjud. Bu ilmiy tilda genofond, deyiladi.
Institutning Milliy Genbankida saqlanayotgan o‘simliklar genetik resurslari kolleksiyalari Markaziy Osiyoda eng yirigi hisoblanadi. U botanik, genetik, geografik, ekologik xilma-xillikka ega bo‘lgan namunalarni o‘z ichiga oladi. Bular mamlakatimiz mulki va xalqimizning milliy boyligi sanaladi.
Keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishi va odamlarni sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash fonida qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari va undan samarali foydalanishning ahamiyati yanada kuchaydi. Ya’ni, havo haroratining keskin ko‘tarilishi, garmsellarning tez-tez qaytarilishi, suv tanqisligi, sho‘rlangan yerlarning kengayishi, kasallik va zararkunandalarning tez va katta maydonlarda tarqalishi o‘simliklarning unumdorligini pasaytirib yuboruvchi omillar bo‘lib qolayotir. Bu seleksionerlardan qishloq xo‘jaligi ekinlari majmuasini yaxshilash, takomillashtirish va yangi sharoitlarga moslashgan navlar yaratish hamda yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqishni talab etmoqda. Yangi navlar yaratish uchun esa seleksioner olimlarni yangi birlamchi materiallar bilan ta’minlash zarur. O‘simliklar genofondi va qishloq xo‘jaligi ekinlarining jahon kolleksiyalari qimmatli xo‘jalik belgilarga ega bo‘lgan birlamchi materiallar manbai bo‘lib, yangi nav yaratishda muhim rol o‘ynaydi.
— Ayni shu maqsadda har yili respublikamiz bo‘yicha ikki-uchta ilmiy ekspeditsiya tashkil etilib, institutning qishloq xo‘jaligi ekinlari genofondi turli xil ekinlarning yovvoyi turlari, davr talabiga mos, istiqbolli yangi nav, tizim va populyatsiyalariga mansub 50–60 ta namuna bilan boyitib borilyapti, — deydi S.Aliqulov. — Shuningdek, dunyoning yirik o‘simliklar genofondini saqlovchi tashkilotlari bilan germaplazma almashinish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Respublikamiz hududiga turli kasallik va zararkunandalar kirib kelishining oldini olish maqsadida institut ko‘chatzorida xorijdan keltirilgan turli qishloq xo‘jaligi ekinlari namunalari maxsus tekshiruvlardan o‘tkazilib, asosiy xo‘jalik belgilari bo‘yicha birlamchi baholanadi. Tekshiruvdan o‘tkazilgan barcha namunalar o‘simliklarning genetik resurslari bilan ishlovchi bo‘lim va laboratoriyalarga keyingi izlanishlar uchun beriladi.
100 xil ekinning 43 mingdan ortiq namunasi — bu katta boylik
Institutda tabiatda yo‘qolib borayotgan, noyob, qadimiy va zamonaviy 100 xil navlarning 43 mingdan ortiq namunasi mavjud. Bu — juda katta boylik. Jumladan, bu yerda g‘alla, dukkakli-don, makkajo‘xori va yorma ekinlarining 21 ming 969 ta, texnik ekinlarning 12 ming 68 ta, sabzavot-poliz ekinlarining 5 ming 755 ta, meva-rezavorlar va uzumning 3 ming 985 ta kolleksiya namunasi o‘rta muddat sharoitida saqlanmokda. Botanik jihatdan kolleksiya namunalari 26 oila, 81 avlod va 178 turga mansubdir.
Institutda bir yillik qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari urug‘ genbankida, vegetativ ko‘payuvchi va ko‘p yillik sabzavot, texnik, meva-rezavor ekinlar va uzum dunyoviy kolleksiyasi esa dala genbanklarida saqlanmoqda.
Noyob ilmiy obyekt
1994 yilda institutning Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari Milliy Genbanki respublikamizning noyob ilmiy obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Uning tarkibida Urug‘shunoslik laboratoriyasi va Hujjatlashtirish bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Urug‘shunoslik laboratoriyasida qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari kolleksiyalari namunalarini ro‘yxatga olish, kolleksiya namuna urug‘larini saqlashga qo‘yishdan avval tozalash, unuvchanligi va namligini aniqlash, quritish hamda qadoqlash, urug‘larni saqlashga qo‘yish, reja asosida urug‘lar monitoringini o‘tkazish bo‘yicha izlanishlar olib boriladi.
Hujjatlashtirish bo‘limida esa o‘simliklar genetik resurslari bo‘yicha kompyuter ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda institut Urug‘ Genbankida 63 xil qishloq xo‘jaligi ekinlarining 34 ming 557 namunasi o‘rta muddatda saqlanmoqda. O‘rta muddatda kolleksion namuna urug‘larini saqlash sharoiti tashkil etilgan. Ya’ni, havo harorati doimiy +4 daraja va havoning nisbiy namligi 35 foizda ushlab turiladi. Bu juda qulay muhit. Chunki aynan shu sharoitda kolleksiya namunalarini 15-20 yil davomida (ekin turiga qarab) saqlash imkoniyati yaratiladi.
Kolleksion namunalarning urug‘lari unuvchaligini qayta tiklash maqsadida har yili 50–55 turdagi qishloq xo‘jaligi ekinining 4 mingdan ortiq urug‘ namunalari dala sharoitida ekish yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Ekishdan avval va keyingi agrotexnik tadbirlar ham shu mintaqada qabul qilingan talab hamda uslublar asosida tashkil etilmoqda.
Mevali ekinlar kolleksiyalari namunalarini tirik holda ushlab turish uchun ham zarur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda. Kolleksion bog‘larda sanitar qirqish, qator oralariga ishlov berish, sug‘orish hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari olib boriladi.
Vegetativ ko‘payuvchi va ko‘p yillik sabzavot, texnik, meva-rezavor ekinlar va uzum dunyoviy kolleksiyasi esa institut hududida joylashgan (9 xil mevali ekinlar va uzumning 2 ming 509 namunasi) va institutning Surxondaryo ilmiy tajriba stansiyasida (8 xil mevali ekinlar va uzumning 1 ming 688 namunasi) Dala Genbanklari (ko‘p yillik vegetativ ko‘payuvchi ekinlar kolleksiya ko‘chatzorlari) sharoitida saqlanmoqda.
Institutda har bir ekin turi bo‘yicha morfo-biologik, qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlarini o‘rganish ishlari qabul qilingan talablar hamda deskriptorlar asosida amalga oshirilmoqda. Har yili 20–25 ekin turiga mansub 2000–2200 kolleksiya namunasi har tomonlama o‘rganish asosida baholanib, tavsifnoma beriladi. Bu o‘z o‘rnida, har bir namunaning noyob qirralarini ochib berishga imkon yaratib, uni kelajakda ilmiy izlanishlarda foydalanish yoki seleksiya jarayonida yangi yuqori mahsuldor va yuqori sifatli nav hamda duragaylarni yaratishda dastlabki manba sifatida foydalanishga ulkan zamin yaratadi. Bu jarayondan to‘plangan ma’lumotlarni kompyuter axborot bazasiga kiritish evaziga jamlangan ma’lumotlarni tahlil etish va ulardan samarali foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, institut tomonidan har yili respublika ilmiy tashkilotlari buyurtmasi hamda xorij ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlik shartnomalari asosida qimmatli belgi va xususiyatlarga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish hamda turli tadqiqot izlanishlari uchun birlamchi manba sifatida foydalanishga uzatiladi. 2018–2019 yillarda 17 xil qishloq xo‘jaligi ekinlarining 1 ming 664 kolleksiya namunasi respublikaning 14 ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasasiga berilgani buning tasdig‘idir.
Turli yillar davomida institut olimlari tomonidan genofonddan samarali foydalanish asosida donli, sabzavot, mevali, texnik va boshqa ekinlarning 250 dan ortiq navlari yaratilib, respublika bo‘yicha rayonlashtirildi.
Hozirgi kunda yurtimiz hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reyestriga 33 xil ekinning 85 navi kiritilgan. Institut ko‘pgina qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining originatori sifatida urug‘chilik va fermer xo‘jaliklarini sara urug‘ hamda ko‘chatlar bilan ta’minlab kelmoqda.
Shu bilan birga, mintaqamiz uchun noan’anaviy ekinlar va dorivor o‘simliklar kolleksiyalarini boyitish, o‘rganish hamda undan oqilona foydalanish asosida xalq va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga noan’anaviy ekinlardan steviya, daykon, sabzavot soyasi, ko‘k no‘xot, sarsabil loviyasi, topinambur, batat, bargli karam, to‘ng‘iztaroq kabi ekinlar joriy etildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish texnologiyalari, urug‘chiligi va ko‘chatchiligi bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlarga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatilib, dala kunlari tashkil etilyapti.
Turli mamlakatlar olimlari bilan har xil yo‘nalishlarda ilmiy aloqalar mavjud. Ular sirasiga Rossiyadagi VIR, Italiyadagi Bioversiry International, Livandagi ICARDA, Hindistondagi ICRISAT, Meksika va Turkiya hamkorligidagi CIMMYT, Janubiy Koreyadagi RDA hamda NIAB,Tayvandagi AVRDC kabi xalqaro tashkilot va yetakchi genbanklar kiradi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida sifatli va to‘yimli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish muhim masala sifatida ko‘tarilayotgan ekan, bu kabi ilmiy maskanlarning ahamiyati ham ortib boraveradi. Zotan, ularda saqlanayotgan o‘simliklar fondi bebaho boylikdir.
Dilshod ULUG‘MURODOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri