O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga

    Hukumat 11 Iyun 2024 1085

    Qadrli mehmonlar! Aziz vatandoshlar! Xonimlar va janoblar!

    Avvalo, bugungi ulkan voqea – O‘zbekistonda Ozarboyjon madaniyati kunlarining tantanali ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Sizlarga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarboyjon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

    Buni barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarimiz ham izchil rivojlanib borayotgani misolida barchamiz yaqqol ko‘rib turibmiz.

    Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti aziz qardoshim Ilhom Geydarovich Aliyev bilan kelishuvlarimiz asosida o‘tgan yili Ozarboyjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada o‘tkazildi.

    Qadimiy Ozarboyjon zaminida o‘zbekistonlik ilm-fan va madaniyat namoyandalar katta hurmat-e’tibor bilan kutib olingani, bu diyorda bo‘lib o‘tgan qizg‘in va samimiy uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

    Biz O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivallari hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarboyjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.

    Ozarboyjonda milliy mug‘om san’ati bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan an’anaviy festivalga o‘zbek san’atkorlari doimiy taklif etib borilayotgani alohida diqqatga sazovordir.

    Bugun mamlakatimizda katta shodu xurramlik bilan boshlanayotgan Ozarboyjon madaniyati kunlari qardosh ozar zaminida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining uzviy davomidir.

    Ishonchim komil, bizning san’atsevar xalqimiz orziqib kutgan ushbu madaniyat kunlari qardoshlarimizning qadimiy va boy madaniyati, san’ati, adabiyoti, milliy an’ana va qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish uchun qulay imkoniyatlar beradigan go‘zal bir anjuman bo‘ladi.

    Siz aziz, Ozarboyjon madaniyati kunlarining barcha ishtirokchilarini yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, yuksak ijodiy parvozlar tilayman.

    Sizlar ushbu madaniyat va san’at bayrami doirasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar bilan xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishasizlar, deb ishonaman.

    Qardoshlaringiz diyori – O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

    Shavkat Mirziyoyev,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti