Oʻzbekistonda oʻziga kredit ajratilishini taqiqlash koʻzda tutilgan qonun loyihasi qabul qilindi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi moddama-modda koʻrib chiqildi.

    Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida“gi qonunga jismoniy shaxslarning ular bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlashga boʻlgan huquqlarini, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlarini, shuningdek kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzganligi uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Majlisda qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani, jumladan, loyihadagi kredit byurolarga nisbatan Markaziy bank tomonidan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar hamda Markaziy bankning kredit byurolarini faoliyatini tartibga solishga doir huquqiy normalarga tahririy va aniqlashtiruvchi tuzatishlar kiritilgani qayd etildi.

    Xalq vakillarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar nomiga ularning xabarisiz kreditlarni rasmiylashtirish va taqdim etilgan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish hollarining oldini olish hamda kredit byurolari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.