Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari mamlakatimizda oziq-ovqat chiqindilaridan qancha bioyonilgʻi ishlab chiqarish mumkinligini tahlil qildi.

Bioyonilgʻi — bu toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita biomassadan olinadigan yonilgʻi. Bioetanol va biodizel bugungi kunda eng keng tarqalgan bioyonilgʻi turlari hisoblanadi.

Bioyonilgʻi Yevropa davlatlari, AQSH va dunyodagi boshqa koʻplab mamlakatlarda yonilgʻi sifatida ishlatiladi. AQSHda ishlab chiqarilayotgan benzinning taxminan 97 foizida maʼlum miqdorda etanol mavjud. Braziliyada sotiladigan barcha benzin markalarida 20-25 foizgacha etanol boʻladi.

Oʻzbekistonda har yili qariyb 3 million tonna oziq-ovqat chiqindilari hosil boʻladi. Oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilgʻi ishlab chiqarish bir vaqtning oʻzida ikkita muammoni hal qilishda yordam beradi.

Birinchidan, oziq-ovqat chiqindilarini utilizatsiya qilish orqali ekologiyaga koʻrsatilayotgan salbiy taʼsir kamaytiriladi. Ikkinchidan, iqtisodiy va demografik oʻsish natijasida tobora ortib borayotgan energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoj qondiriladi.

Tahlil natijasida quyidagilar aniqlandi:

1. Agar oziq-ovqat chiqindilari toʻliq bioetanol (E100) yoki biodizel (B100)ga aylantirilsa, 1,11 milliard litr bioetanol va 1,02 milliard litr biodezel yonilgʻisini ishlab chiqarish mumkin.

2. Benzin va dizel yonilgʻisida harakatlanuvchi avtomobillar bioyonilgʻidan foydalanishga oʻtadigan boʻlsa, havoga chiqarilayotgan CO2 miqdori 1,6 million tonnaga (21 foizga) kamayadi.

3. Oziq-ovqat chiqindilarining har bir kilogrammi yiliga oʻrtacha 2,5 kilogramm is gazini ajratib chiqaradi. 3 million tonna oziq-ovqat chiqindisi zarur darajada utilizatsiya qilinmasa, atmosferaga 7,5 million tonna issiqxona gazlari chiqaradi.

Bioyoqilgʻidan keng foydalanishga oʻtish 2019-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasidagi muayyan parametrlar, Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining “Parij bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni, shuningdek, BMT konferensiyasining 26-sessiyasida YAIM birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlarini chiqarishni 2030-yilga qadar 2010-yildagiga nisbatan 35 foizga kamaytirish boʻyicha qabul qilingan qoʻshimcha majburiyatni bajarishda yordam beradi.