Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq–ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti (TXVU) oziq-ovqat narxlari ma'lumotlarini tarqatish va tahlil qilishni osonlashtirish uchun veb-vosita bo'lgan oziq-ovqat narxlari monitoringi va tahlilini (FPMA) ishga tushirdi.
Tizim FAO va TXVU o'rtasidagi "Narxlar va bozorlarning axborot tizimini texnik jihatdan joriy etish va O'zbekistonda qishloq xo'jaligidagi alohida qo'shilgan qiymat zanjirlari uchun tegishli tahlil" to'g'risidagi kelishuvga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan strategik hamkorlikda ishga tushirildi.
FPMA vositasi katta hajmdagi narx ma'lumotlarini oson yo'l bilan olish imkonini beradi. Bu foydalanuvchilarga aniq bir mahsulot narxlarni tezda ko'rib chiqish, mamlakatlar/bozorlar/tovarlar o'rtasida taqqoslashlar o'tkazish, grafikalar, ma'lumotlar va o'rtacha ko'rsatkichlar, standart og'ishlar va foiz o'zgarishlari kabi asosiy statistik ma'lumotlarni yuklab olish imkonini beradi.
Vositaning global versiyasi 2010-yilda ishlab chiqilgan. Global miqyosda oziq-ovqat narxlarini kuzatish va tahlil qilish vositasini ishlab chiqishda erishilgan yutuqlar va tajribalarga asoslanib, ushbu vosita mamlakat miqyosida foydalanishga moslashtirildi. Narxlash vositasining mamlakat darajasidagi versiyasi global darajadagi vositaga qaraganda ko'proq mahsulot va bozorlarni o'z ichiga oladi. TXVU vositani mamlakat darajasidagi "o'z o'rnida" muvaffaqiyatli o'rnatishga erishgan FAOning birinchi hamkori bo'ldi.
O'zbekistondagi vosita uchta — o'zbek, ingliz va rus tillarida mavjud. Bugungi kunda ushbu vosita 2019-yil yanvar oyidan boshlab dehqon bozorlaridagi 77 ta oziq-ovqat mahsulotlari to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Ushbu vosita TXVU Amaliy tadqiqotlar markazi (CPRO) tomonidan qo'llab-quvvatlanadi. CPRO O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo'mitasi va boshqa vazirliklar va idoralar bilan ma'lumotlar bazasiga kirish huquqini olish bo'yicha hamkorlik qiladi va, shu bilan birgalikda, Markaz mahalliy chakana bozordan ma'lumotlar yig'ishni ham boshladi.
Shuningdek, ushbu vosita O'zbekiston hukumatiga 2020-2030-yillarda qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda ham yordam beradi. Narxlar va bozor ma'lumotlari tizimlari qishloq xo'jaligini rivojlantirish uchun, ayniqsa, kichik yer egalari va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari uchun muhimdir. Ishonchli narx ma'lumotlari bozor shaffofligini, raqobatbardoshlikni oshiradi va asosiy o'yinchilar o'rtasida daromadlar adolatli taqsimlanishini ta'minlaydi. Narxlar to'g'risidagi o'z vaqtidagi va ishonchli ma'lumotlar oziq-ovqat mahsulotlarining qo'shimcha qiymat zanjirining barqaror rivojlanishiga yordam beradi va qishloq xo'jaligi oziq-ovqat tizimlarini sog'lom ovqatlanish, kichik fermerlarning daromadlarini oshirish, hayot va atrof-muhit sharoitlarini yaxshilash uchun o'zgartirishni qo'llab-quvvatlaydi.
FPMAni ishga tushirishning maqsadi — uni milliy va xalqaro hamjamiyat va qaror qabul qiluvchilarga narxlar to'g'risida o'z vaqtida va ishonchli ma'lumot berish uchun qimmatli ommaviy vositaga aylantirishdir. Narxlar to'g'risidagi ma'lumotlardan turli xil milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari foydalanishlari mumkin.