Oʻzbekistonda oziq-ovqat narxlari pasaymoqda

    Ijtimoiy hayot 10 Aprel 2023 2162

    Joriy yil 8-aprelda Xalqaro biznes markazida qator vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik importyorlar, ulgurji va chakana savdo tarmoqlari egalari, Oʻzbekistonning taniqli tadbirkorlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki bozorda xaridorgir boʻlgan bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga joriy etilgan imtiyozlarni amalda qoʻllash mavzusi kun tartibidagi asosiy masala boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23-martdagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-41-son Farmoniga muvofiq, 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga 2024-yilgacha (yana 2 tasi – 2023 yil 1-sentyabrgacha) bojxona bojining nol stavkasini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov yigʻilish ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining narxlar muvozanatini taʼminlash va bozorlarni arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish boʻyicha qabul qilingan farmonining dolzarbligi va ahamiyatini alohida taʼkidladi.

    Prezidentimizning ushbu tashabbusi har yili 15-20 foiz darajasida davom etayotgan global oziq-ovqat inflyatsiyasiga nisbatan puxta oʻylangan, samarali javob chorasidir. Xususan, oʻsimlik yogʻi, sut va goʻsht narxlari soʻnggi 30 yil ichida, don mahsulotlari va shakarning esa soʻnggi 10 yil ichida rekord darajada oʻsishi kuzatildi.

    Tahlillarga koʻra, nol stavkalar joriy etilgandan keyingi dastlabki 10 kun davomida (yaʼni joriy yil 4-aprel holatiga) bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi boʻyicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi. Ayniqsa xurmo – 16 foiz, olma, behi va nok – 42 foiz, konservalangan baliqlar – 50 foiz, mineral suvlar – 40 foiz, oq shokolad yoki tarkibida kakao boʻlmagan konfetlar – 24 foizga arzonlashdi. Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi.

    Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar maʼlum qilindi. Xususan, ichki bozordagi narxlar oʻzgarishi dinamikasini monitoring qilish va ularni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tuzilganligi qayd etildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.